Talabalar

 

Oliy ta’lim muassasalari talabalari

Oliy ta’lim muassasasi talabasi o’qish uchun bakalavriat yoki magistraturaga belgilangan tartibda ro’yxatga olingan shaxsdir. Talabaga rasmiy nusxadagi talaba guvohnomasi va reyting daftarchasi topshiriladi.

           Oliy ta’lim muassasasi talabalari quyidagi huquqlarga ega:

yo’nalishlar va mutaxassisliklar ta’lim dasturlarida ko’zda tutilgan, fan, texnika va texnologiyalar, iqtisodiyot va madaniyat rivojining zamonaviy darajasiga munosib bilimlarni egallash;

           o’quv dasturiga muvofiq ko’zda tutilgan qo’shimcha kurslar va o’qish turini tanlash;

           ta’lim muassasasi faoliyatining muhim masalalarini muhokama va hal qilishda qatnashish, shu jumladan jamoat tashkilotlari orqali ham;

           ta’lim muassasasi Nizomida joriy qilingan tartibda kutubxona, axborot fondi, o’quv, ilmiy, tibbiy va boshqa bo’linmalar xizmatlaridan tekin foydalanish;

         ilmiy-tadqiqot ishlari, anjumanlar, simpoziumlarda ishtirok etish;

         o’z ilmiy ishlarini chop etdirish;

           oliy ta’lim muassasasi ma’muriyati qarorlari ustidan shikoyat qilish;

           belgilangan tartibda harbiy mutaxassislik bo’yicha ta’lim olish.

O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq ta’limning kunduzgi shaklida o’qiydigan talabalarga harbiy xizmatga chaqirilish kechiktiriladi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarida ko’zda tutilgan vaziyatlardan boshqa hollarda talabalarni o’quv vaqti hisobiga o’quv jarayoni bilan bog’liq bo’lmagan boshqa ishlarga jalb etish man etiladi.

           Talabalar bilim egallashi, ko’rsatilgan muddatlarda o’quv rejasida ko’zda tutilgan barcha topshiriqlarni bajarishi, Nizomga, ta’lim muassasasi ichki tartibi va talabalar turar joyi qoidalariga amal qilishlari shart.

           Davlat grantlari, hamda to’lov-shartnoma asosida kunduzgi shaklda o’qiydigan talabalar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi joriy qilgan tartib va miqdorda stipendiyalar bilan ta’minlanadi. Talabalar tegishli nizom asosida nomdor stipendiyalar olish huquqiga ega.

           Talabalarga tibbiy ko’rsatmaga binoan belgilangan tartibda akademik ta’til beriladi.  Uzrli sabablarga ko’ra o’quv rejasi talablarini bajara olmagan talabalarga yangi o’quv yili boshlangunga qadar akademik qarzlarni shaxsiy reja asosida topshirish imkoniyati beriladi.

           Belgilangan muddatlarda o’quv rejasi talablarini bajarmagan talabalar ta’lim muassasasi talabalari safidan chiqariladi.

Talabalarni o’qishga qaytadan tiklash va talabalar safidan chiqarish oliy ta’limni boshqarish bo’yicha vakolatli davlat idorasi joriy qilgan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Talabalar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi joriy qilgan tartibda boshqa ta’lim muassasasiga o’tish huquqiga ega. Bir ta’lim muassasasidan boshqasiga o’tishda oliy ta’limning shu pog’onasida birinchi marta o’qiyotgani kabi barcha huquqlari saqlanib qoladi. Talabalarni akkreditatlanmagan ta’lim muassasasidan akkreditatlanganiga o’tkazishga yo’l qo’yilmaydi.

Boshqa erlik turar joyga muhtoj talabalar turar joy bilan ta’minlanadilar.

Turar joyga muhtoj talabalar mavjud bo’lgani holda talabalar turar joyining xonalaridan boshqa maqsadlarda (ijaraga berish va boshqa bitimlar) foydalanishga yo’l qo’yilmaydi.

           Kunduzi o’qiydigan talabalarga o’qishdan bo’sh vaqtlarida-kunning ikkinchi yarmida mehnat shartnomasi asosida ta’lim muassasasining o’zida yoki undan tashqari joylarda ishlashga ruxsat beriladi.

           Talabalarning boshqa huquqlari qonunlar va (yoki) oliy ta’lim muassasasi Nizomi tomonidan joriy qilinishi mumkin.

         Talaba oliy ta’lim muassasasi Nizomida ko’zda tutilgan ichki tartib-qoidalarni buzganda unga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qo’llanilishi mumkin: ogohlantirish, hayfsan, oliy ta’lim muassasasi talabalari safidan chiqarish.

           Intizomiy jazo choralari nojo’ya ish qilingani aniqlangach, bir oydan kechikmasdan va u qilinganiga olti oy o’tmasdan qo’llaniladi. Bunda talaba kasal va ta’tilda bo’lgan vaqt hisobga olinmaydi. Talabani kasal, joriy ta’til, akademik ta’til, homiladorlik, bola tug’ilishi ta’tillarida talabalar safidan chiqarishga yo’l qo’yilmaydi.