O’quv faoliyati

 

O’quv jarayonni tashkil qilish

 

Oliy ta’lim muassasalarida o’quv jarayon davlat ta’lim standartlari asosida amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim muassasalarida o’quv mashg’ulotlarining quyidagi turlari joriy qilingan: ma’ruza, seminar,  amaliy  mashg’ulot,  laboratoriya ishi, kollokvium, mustaqil ta’lim, maslahat, mustaqil ish, malakaviy amaliyot, kurs loyihasi (ishi), bakalavrlar uchun bitiruv malakaviy ishi, magistrlar uchun dissertatsiya. Auditoriya mashg’ulotlarining barcha turi uchun 45 (yoki tanaffussiz juft ma’ruzalar uchun 40) minutli akademik soat belgilangan.

Oliy ta’lim muassasalarida o’quv yili, odatda, ikki semestrga bo’linadi, ulardan har biri talabalar o’zlashtirishi natijalarining yakunlanishi bilan tugallanadi. Samaradorlikni ta’minlash maqsadida o’quv-tarbiyaviy jarayonning modul va boshqa shakllariga ruxsat beriladi.

Talabalarning fanlarni o’zlashtirishi – oliy ta’limni boshqarish bo’yicha vakolatli davlat idorasi tasdiqlagan talabalar o’zlashtirishini baholashning reyting tizimi haqidagi Nizomga muvofiq aniqlanadi. O’zlashtiruvchi talabalarni kursdan kursga o’tkazish fakultet dekanining yoki magistratura bo’limi (fakultet, markaz)ning taqdimiga binoan oliy ta’lim muassasasi rahbarining buyrug’i orqali amalga oshiriladi. Shartli ravishda o’tkazishga yo’l qo’yilmaydi.

Oliy ta’limning ta’lim dasturlarini to’liq o’zlashtirish bitiruvchilarni majburiy yakuniy attestatlash bilan tugallanadi.

Malakaviy amaliyotlarning barcha turlari davlat va nodavlat korxonalar va tashkilotlarda ular bilan oliy ta’lim muassasalari o’rtasida tuzilgan shartnomalarga binoan, o’quv rejalari va oliy ta’lim muassasalari talabalarining malakaviy amaliyoti haqidagi Nizomga muvofiq o’tkaziladi.

Oliy ta’limning fan va ishlab chiqarish bilan o’zaro bog’lanishi amaldagi qonunlarga muvofiq o’quv-ilmiy, o’quv-ilmiy ishlab chiqarish majmualari tuzish yo’li bilan hamda etakchi olim va mutaxassislarni o’quv jarayoni va ilmiy tadqiqotlarga jalb qilish, ilmiy-tadqiqot institutlari, korxonalar va tashkilotlarda oliy ta’lim muassasasining markazlari, laboratoriyalari, kafedralari va bo’limlarini tashkil etish orqali amalga oshiriladi.