Ilmiy tadqiqotga oid hujjatlar to’plami

 

Ilmiy tadqiqotga oid hujjatlar to‘plami

Batafsil

Ilmiy tadqiqotga oid hujjatlar to‘plami Institutning faoliyati O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi, Vazirlar Mahkamasining Qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Oliy ta’lim to‘g‘risida”gi Nizom, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 7-avgustdagi “Fan va texnologiyalarni rivojlantirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 436-son Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 15 iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”ga PQ-916 sonli Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-son Farmoni, Vazirlar Mahkamasining «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2012-yil 28-dekabr 365-son Qarori, Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-dekabrdagi «Respublika oliy ta’lim muassasalari reytingini baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi 371-sonli Qarori hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi buyruqlari, Hay’at Qarorlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda institutda yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ishlari, bajarilayotgan fundamental, amaliy innovatsion dasturlar loyihalari, xo‘jalik shartnomalari asosida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar monitoringi samarasini oshirish hamda ko‘lamini kengaytirish, yoshlarni ilmiy-ijodiy faoliyatga jalb qilish tizimini yanada mustahkamlash, Navoiy davlat pedagogika institutining Ustavi va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlarda belgilangan maqsadni ro‘yobga chiqarish va vazifalarni ijro etishga qaratilgan.

Malakaviy imtixonlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom

Malakaviy imtixonlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi PF-4456-son «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoniga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012 y., 30-son, 346-modda) hamda “Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq fan doktori ilmiy darajasiga talabgorlar topshirishi kerak bo‘lgan malakaviy imtihonlar mazmunini va ularni o‘tkazish tartibini belgilaydi.

Malakaviy imtihonlar ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Fan doktori ilmiy darajasiga talabgor tegishli malakaviy imtihonlarni topshirishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun malakaviy imtihonlar «O‘zbekistonning eng yangi tarixi», «Chet tili» hamda dissertatsiya mavzusiga muvofiq ixtisoslik fanidan, shuningdek, fan soxaliriga ko‘ra ushbu Nizomning 4-7 bandlarida belgilangan fanlardan o‘tkaziladi. Ushbu imtihonlar yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi (bundan keyin – O‘zR OAK) tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida topshiriladi.
Aniq va tabiiy fanlar sohalaridagi talabgorlar uchun «O‘zbekistonning eng yangi tarixi» fani bo‘yicha malakaviy imtihon dasturiga «Mustaqillik mafkurasi va demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy negizlari va ilmiy asoslari» fani bo‘yicha ham savollar bloki kiritiladi.

Chet tilini egallaganlik darajasi to‘g‘risidagi sertifikatga (bilim darajasi IELTSning 5,0 ballidan, TOEFLning 67 ballidan kam bo‘lmagan yoki ularga tenglashtirilgan boshqa tizimlar ballariga mos kelishi kerak) ega bo‘lgan fan doktori ilmiy darajasiga talabgorlar chet tili bo‘yicha imtihon topshirishdan ozod etiladi.

Chet el fuqarolari uchun malakaviy imtihonlar dissertatsiya mavzusiga muvofiq ixtisoslik fanidan o‘tkaziladi.

Ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiyot fanlari sohalaridagi ilmiy darajaga talabgorlar “Mustaqillik mafkurasi va demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy negizlari va ilmiy asoslari” bo‘yicha maxsus imtihonni ham topshirishlari kerak.
Ushbu maxsus imtihon O‘zR OAK tomonidan tasdiqlangan alohida tartib asosida o‘tkaziladi.

Aniq va tabiiy fanlar xamda tibbiyot, iqtisodiyot va pedagogika fanlari sohalaridagi ilmiy darajaga talabgorlar «Matematik modellashtirish va matematik statistika asoslari» fani bo‘yicha malakaviy imtihonni ham topshirishlari kerak.

Iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun talabgorlar, shuningdek, iqtisodiyot nazariyasi bo‘yicha malakaviy imtihon topshiradilar.
Pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun talabgorlar «Umumiy pedagogika, pedagogika va ta’lim tarixi» fanidan ham malakaviy imtihon topshiradilar.

Chet tili sifatida ingliz, fransuz yoki nemis tilidan imtihon topshirilishi mumkin. Dissertatsiya ishini bajarish uchun boshqa chet tilini bilish talab qilinadigan hollarda O‘zR OAK bilan kelishilgan holda malakaviy imtihon ana shu tildan topshirilishi mumkin.
Chet tili soxalari bo‘yicha filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun talabgorlar ikkinchi chet tili fanidan malakaviy imtihon topshiradilar.

Fan doktori ilmiy darajasiga talabgorning oliy ma’lumoti yoki nomzodlik dissertatsiyasi sohasi dissertatsiya tayyorlangan fan tarmog‘i yo‘nalishiga muvofiq bo‘lmasa, ushbu fan tarmog‘iga tatbiqan umumilmiy fan bo‘yicha, ya’ni ushbu fan tarmog‘ining asosiy mazmuni hamda umummetodologik va nazariy muammolarini yetarlicha keng qamrab oladigan fan bo‘yicha qo‘shimcha malakaviy imtihon (yoki imtihonlar) topshiriladi. Topshirilishi kerak bo‘lgan imtihonlarni O‘zR OAK belgilaydi.

Talabgorning oliy ma’lumoti sohasi dissertatsiya yoqlanayotgan fan sohasidan tubdan farq qilgan hollarda ixtisoslik bo‘yicha topshirilishi kerak bo‘lgan malakaviy imtihonlarni O‘zR OAK belgilaydi.
Qo‘shimcha umumilmiy fanlar bo‘yicha imtihonlar muayyan fan tarmog‘ida ixtisoslashgan yetakchi oliy ta’lim muassasasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasdiqlagan dasturlar asosida topshiriladi.

Malakaviy imtihonlarni qabul qilish huquqi tegishli fan sohalari bo‘yicha ilmiy-tashkiliy tuzilmalari (kafedra, bo‘lim, laboratoriya) mavjud bo‘lgan hamda yetarli ilmiy va ilmiy-pedagogik salohiyatga, shuningdek tegishli moddiy-texnik bazaga ega bo‘lgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga O‘zR OAK tomonidan beriladi.
Malakaviy imtihonlarni qabul qilish huquqi berilgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari imtihon qabul qilish huquqi bo‘lmagan boshqa tashkilotlardan kelgan talabgorlardan ham mazkur imtihonlarni olishlari shart.

Ixtisoslik fani bo‘yicha malakaviy imtihonlar dissertatsiya himoyasi mo‘ljallangan kengashlar faoliyat ko‘rsatib turgan tashkilotlar huzuridagi malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyalari tomonidan qabul qilinadi.
Ixtisoslik fani bo‘yicha imtihon talabgorning nazariy va kasbiy tayyorgarligi darajasini, uning ushbu fanning shakllanishi va rivojlanishi tarixini, umumiy konsepsiyalari va metodologiya masalalarini, manbalarini, shu bilimlar tarmog‘ining asosiy nazariy va amaliy muammolarini, mavjud materialni nechog‘lik bilishini aniqlab berishi, uning ilmiy adabiyotni, shu jumladan, chet el davriy nashrlarini hamda ilmiy tadqiqotlarning zamonaviy usullarini qanchalik egallaganligini ko‘rsatib berishi lozim.

Ixtisoslik fani bo‘yicha imtihon ikki qismdan: O‘zR OAK tasdiqlagan namunaviy dastur-minimumdan hamda tegishli kafedra (bo‘lim, laboratoriya) ishlab chiqqan va imtihon olinayotgan oliy ta’lim (fakultet), ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashi tasdiqlagan qo‘shimcha dastur asosida topshiriladi.
Qo‘shimcha dastur mazkur fan tarmog‘ining yangi bo‘limlarini hamda talabgor tadqiqotlarining yo‘nalishi bilan bog‘liq bo‘lgan qismlarni o‘z ichiga olishi, shuningdek, ushbu fan tarmog‘idagi yutuqlarni va eng yangi adabiyotni hisobga olishi lo zim. Ixtisoslik fanidan imtihon dasturining mazkur qismida talabgor tegishli fan tarmog‘i rivojining hozirgi ahvoli, muammolari va istiqbollarini, o‘tkazayotgan tadqiqotlarining o‘rni, yangiligi va ahamiyatini ko‘rsatishi kerak.

Malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyalari har bir fan bo‘yicha oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining rahbari tomonidan O‘zR OAK bilan kelishilgan holda bir yil muddatga tuziladi. Komissiya ilmiy darajaga ega bo‘lgan malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlardan iborat bo‘lgan besh – yetti nafar a’zodan, shu jumladan shu fan sohasi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan raisdan iborat bo‘ladi. Komissiya raisidan tashqari komissiya a’zolaridan kamida ikki nafari fan doktori bo‘lishi lozim.

Chet tili bo‘yicha malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyasi chet tillar kafedralarining o‘qituvchilaridan (shundan kamida ikki nafari ilmiy darajaga ega bo‘lishi kerak) iborat bo‘lgan besh – yetti nafar a’zodan, shu jumladan talabgorning ixtisosligi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan va tegishli chet tilida erkin gaplasha oladigan mutaxassisdan iborat tarkibda O‘zR OAK bilan kelishilgan holda bir yil mud datga tuziladi.

Malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyalari, uning a’zolarining kamida to‘rt nafari, shu jumladan fan doktori ishtirok etayotgan bo‘lsa, imtihon olishga haqli.

Talabgorlar ro‘yxati buyruq bilan rasmiylashtirilib, jamoatchilikka e’lon qilinadi. Buyruqda malakaviy imtihonni o‘tkazish joyi va vaqti aniq ko‘rsatilishi kerak.

Malakaviy imtihonlar sessiyalar shaklida yiliga uch marta: fevral, may va noyabr oylarida belgilangan reja asosida qabul qilinadi.
Bir sessiya davomida talabgorga ko‘pi bilan ikkita malakaviy imtihonni topshirishga ruxsat beriladi.

Malakaviy imtihonlarni ekstern tarzida sessiya paytida topshirish masalasi malakaviy imtihonni qabul qiluvchi muassasa tomonidan hal etiladi.

Imtihon qabul qiladigan muassasa malakaviy imtihon qabul qilinishidan besh kun oldin talabgorlar ro‘yxatini, imtihon qabul qilish vaqti, joyi va komissiyaning tarkibiga doir ma’lumotlarni kuzatuv xati bilan birga O‘zR OAKga yuborishi zarur.
O‘zR OAKni xabardor qilmasdan malakaviy imtihonlarni olish man etiladi.

Malakaviy imtihonlarda imtihon o‘tkazilayotgan muassasaning tegishli kengashi a’zolari, muassasa direktori (rektor, boshliq), direktor o‘rinbosari (prorektor, boshliq o‘rinbosari), muassasa bo‘ysunuvchi vazirlik yoki idoraning vakillari qatnashishi mumkin.

O‘zR OAK malakaviy imtihonlarda qatnashish va uni nazorat qilish uchun o‘z vakillarini yuborishi mumkin. Malakaviy imtihonlar noxolis o‘tkazilgan taqdirda O‘zR OAK imtihon natijalarini bekor qiladi.

Malakaviy imtihonlar bilet bo‘yicha yozma va og‘zaki shakllarida o‘tkazilishi mumkin. Talabgor javob tayyorlash uchun imtihon varaqalaridan foydalanadi. Imtihon varaqalari imtihondan keyin bir yil davomida saqlab turiladi.
Talabgor bilet bo‘yicha savollarga imtihon komissiyasi a’zolari oldida javob beradi. Imtihon komissiyasi a’zolari talabgorga imtihon qabul qilinayotgan fan bo‘yicha qo‘shimcha savollar berishga haqlidirlar. Imtihon natijalari bo‘yicha komissiya a’zolarining har biri o‘z baxosini komissiya raisiga ma’lum qiladi. Komissiya raisi umumiy bahoni o‘rta arifmetik ravishda chiqaradi.

Talabgorning bilim darajasi 100 ballik tizimda butun sonlar bilan baholanadi. Bunda baholash “a’lo” (86 – 100), “yaxshi” (71 – 85), “qoniqarli” (55 – 70) va “qoniqarsiz” (0 – 54) ko‘rinishida bo‘ladi.
Ixtisoslik fani bo‘yicha malakaviy imtihon topshirayotganda talabgor dastur-minimum doirasida mustahkam, chuqur bilimlarini namoyish etgan taqdirdagina ijobiy baho qo‘yiladi.

Har bir talabgor uchun malakaviy imtihon bayonnomasi to‘ldirilib, unda talabgorga berilgan imtihon savollari yoziladi.
Malakaviy imtihon bayonnomasini imtihonda qatnashgan komissiya a’zolari imzolaydi, ularning ilmiy darajasi, ilmiy unvoni hamda Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari ro‘yxatiga muvofiq ixtisosligi ko‘rsatiladi.

Malakaviy imtihon bayonnomasi muassasa rahbari tomonidan tasdiqlanganidan keyin malakaviy imtihonlar topshirilgan joyda saqlanadi.

Har bir malakaviy imtihon topshirilganligi haqida guvohnoma beriladi.
Malakaviy imtihon topshirilganligi haqidagi guvohnoma besh yil davomida o‘z kuchini yo‘qotmaydi. Talabgorning dissertatsiyasi himoyasi malakaviy imtihonlar topshirilganligi haqidagi guvoxnomaning xaqiqiylik muddatida o‘tkazilishi lozim.

Agar talabgor uzrli sabab bilan imtihonga kelmasa, muassasa rahbari ruxsati bilan o‘rnatilgan tartibda O‘zR OAKni xabardor qilib, joriy sessiya davomida imtihon topshirishga qo‘yilishi mumkin.
Bir sessiya davomida malakaviy imtihonni takroran topshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Talabgor malakaviy imtihonni qabul qilish komissiyasining qarori ustidan joriy sessiya davomida muassasa rahbariga shikoyat yozish huquqiga ega. Muassasa rahbarining qarori uzil-kesil hisoblanadi.

Oliy ta’lim muassasalari rektorlariga, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlariga hamda ularning o‘rinbosarlariga (prorektorlariga) o‘z asosiy ish joylarida malakaviy imtihonlarni topshirishlariga ruxsat berilmaydi.

Malakaviy imtihonlar oldiga qo‘yilgan talablarga rioya qilinishi uchun imtihon o‘tkazayotgan muassasa rahbari va imtihon komissiyasi raisi ma’suldirlar.

Malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyasining ishini O‘zR OAK hamda imtihon o‘tkazayotgan muassasaning rahbariyati nazorat qilib boradi.

Malakaviy imtihonlarni qabul qilish huquqi berilgan muassasalar imtihonlarning natijalari to‘g‘risida yiliga bir marta dekabr oyida O‘zR OAKga ma’lumot berishlari shart.

Ilmiy unvonlar berish tartibi to‘g‘risida nizom

Ilmiy unvonlar berish tartibi to‘g‘risida nizom

 

Umumiy qoidalar
Ilmiy unvonlar berish talablari
2.1. Umumiy talablar
2.2. Oliy ta’lim muassasasi mutaxassislariga dotsent ilmiy unvonini
berish talablari

2.3. Ilmiy-tadqiqot muassasasi mutaxassislariga katta ilmiy xodim
ilmiy unvonini berish talablari

2.4. Oliy ta’lim muassasasi mutaxassislariga professor ilmiy
unvonini berish talablari

2.5. Ilmiy-tadqiqot muassasasi mutaxassislariga professor ilmiy
unvonini berish talablari

2.6. O‘rindoshlik asosida ishlayotgan mutaxassislarga ilmiy
unvonlarni  berish talablari

III.    Ilmiy unvonga taqdim etish tartibi

Attestatsiya ishini O‘zR OAKda ko‘rib chiqish
Attestatlarni rasmiylashtirish va berish
Ilmiy unvondan mahrum etish (ilmiy unvonda tiklash)
VII.  Apellyatsiyani ko‘rib chiqish

VIII. Ilmiy unvonga qayta taqdim etish tartibi

Yakuniy qoidalar
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g‘risida»gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1997 y., 9-son, 225-modda) va «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi to‘g‘risida»gi Qonunlariga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1997 y., 11-12-son, 295-modda) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 20 maydagi PQ-1533-son «Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini  tubdan  yaxshilash  chora-tadbirlari  to‘g‘risida»gi  qaroriga  hamda  2012  yil 24 iyuldagi PF-4456-son «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoniga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012 y., 30-son, 346-modda), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 9 sentyabrdagi 421-son qaroriga  (O‘zbekiston  Respublikasi  Hukumatining qarorlari to‘plami, 1992 y., 9-son, 28-modda) muvofiq professor, dotsent va katta ilmiy xodim  ilmiy unvonlarini berish tartib va talablarini belgilaydi.

UMUMIY QOIDALAR
Mazkur ilmiy  unvonlar berish tartibi to‘g‘risidagi  Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
attestatsiya – ilmiy unvonlar talabgorlari malakasini taalluqli huquqiy-normativ hujjatlar talablari asosida tizimli ravishda aniqlashning kompleks huquqiy-normativ va ilmiy-tashkiliy jarayoni;

ilmiy unvon – tegishli huquqiy-normativ hujjatlar talablarini bajargan mutaxassislarga beriladigan rasmiy maqom;

ilmiy unvon talabgori – ilmiy va pedagogik faoliyat olib borayotgan hamda ilmiy unvon olishga da’vogar mutaxassis;

attestatsiya ishi – ilmiy unvon talabgorining tegishli huquqiy-normativ hujjatlar va me’yoriy-texnik talablar asosida rasmiylashtirilgan va jamlangan hujjatlar to‘plami;

ilmiy ish staji – mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida mutaxassisning ilmiy xodim lavozimlarida ishlagan muddati hamda katta ilmiy xodim-izlanuvchi institutida o‘qigan muddati;

pedagoglik ish staji – mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida mutaxassisning oliy ta’lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim muassasalarida pedagog lavozimlarida ishlagan muddati;

o‘quv adabiyoti – muayyan ta’lim turi (yo‘nalishi yoki mutaxassisligi) o‘quv rejasida qayd etilgan fanlar bo‘yicha tegishli o‘quv dasturlari asosida zarur bilimlar majmuasi keltirilgan, o‘zlashtirish uslublari va didaktikasi yoritilgan (shu jumladan, xorijiy tarjimalari) manba;

professor – 1) tegishli huquqiy-normativ hujjatlarda qo‘yilgan malakaviy va attestatsiya talablarini bajargan, belgilangan tartibda professor ilmiy unvoniga ega bo‘lgan mutaxassis; 2) ilmiy unvon nomi;

dotsent – 1) tegishli huquqiy-normativ hujjatlarda qo‘yilgan malakaviy va attestatsiya talablarini bajargan, belgilangan tartibda dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan mutaxassis; 2) ilmiy unvon nomi;

katta ilmiy xodim – 1) tegishli huquqiy-normativ hujjatlarda qo‘yilgan malakaviy va attestatsiya talablarini bajargan, belgilangan tartibda katta ilmiy xodim ilmiy unvoniga ega bo‘lgan mutaxassis; 2) ilmiy unvon nomi;

professor, dotsent yoki katta ilmiy xodim attestati – belgilangan tartibda davlatning vakolatli organi qarori bilan professor, dotsent yoki katta ilmiy xodim ilmiy unvoniga ega bo‘lganlarga beriladigan davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi hujjat;

apellyatsiya – ilmiy unvonlar berish (rad javobi berish) yoki ilmiy unvondan mahrum etish bo‘yicha ilmiy (ilmiy-texnikaviy) kengash yoki O‘zR OAK Rayosati qarori yuzasidan shikoyat arizasi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – O‘zR OAK deb yuritiladi) tegishli ilmiy unvonlarni berish talablari va tartibini  ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va ularning yagonaligini ta’minlaydi.
Talabgorlarga dotsent va professor ilmiy unvonlari kafedra yoki ixtisoslik bo‘yicha, shuningdek katta ilmiy xodim ilmiy unvoni  ixtisoslik bo‘yicha beriladi.
Kafedra bo‘yicha dotsent va professor ilmiy unvonlari oliy ta’lim yoki kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim muassasalarida pedagogik faoliyat olib borayotgan, chuqur kasbiy bilimga hamda ilmiy va pedagoglik sohasida ma’lum yutuqlarga erishgan yuksak ma’naviyatli ilmiy-pedagog mutaxassislarga beriladi.

Ixtisoslik bo‘yicha professor, dotsent va katta ilmiy xodim ilmiy unvonlari ilmiy-tadqiqot yoki oliy ta’lim muassasalarida ilmiy faoliyat olib borayotgan, fanning muayyan sohasida chuqur kasbiy bilimga hamda ilmiy va pedagoglik sohasida ma’lum yutuqlarga erishgan yuksak ma’naviyatli ilmiy-pedagog mutaxassislarga beriladi.

Katta ilmiy xodim ilmiy unvoni maqomiga ko‘ra ixtisoslik bo‘yicha dotsent ilmiy unvoniga tenglashtiriladi.

Professor, dotsent va katta ilmiy xodim ilmiy unvonlari tegishli ilmiy darajaga yoki tegishli hollarda magistr darajasiga yoki bakalavr va magistr darajalari joriy etilgunga qadar olingan oliy ma’lumotga yoxud oliy  xarbiy ta’lim diplomiga  ega bo‘lgan hamda tegishli huquqiy-normativ hujjatlar talablarini bajargan shaxslarga qaysi idoraga bo‘ysunishidan qat’iy nazar, oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy (ilmiy-texnikaviy) kengashlari (keyingi o‘rinlarda – ilmiy kengash deb yuritiladi)ning taqdimnomasi asosida O‘zR OAK Rayosati qarori bilan beriladi.
Taqdimnoma ilmiy unvon talabgorining asosiy ish joyidan taqdim etiladi.

Yopiq mavzularda ish olib borayotgan shaxslarga ilmiy unvonlar berishning o‘ziga xos tartibi O‘zR OAKning maxsus Nizomida belgilanadi.
Professor, dotsent va katta ilmiy xodim  ilmiy unvonlari berilgan mutaxassislarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi attestatlar rasmiylashtiriladi va beriladi.
ILMIY UNVONLAR BERISH  TALABLARI
2.1. Umumiy talablar
Ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiyot fanlari sohalaridagi ilmiy unvonlarga talabgorlar «Mustaqillik mafkurasi va demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy negizlari va ilmiy asoslari» fani bo‘yicha maxsus imtihonni topshirishlari kerak.
Ilmiy unvon talabgorining olib borayotgan ma’ruza kurslari, ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlari unvon so‘ralayotgan kafedra yoki ixtisoslik yo‘nalishiga mos kelishi kerak.
Talabgor nashr ettirgan darslik, o‘quv qo‘llanmalar oliy ta’lim muassasasining ilmiy-uslubiy kengashi va tegishli vazirlik yoki idoralar tomonidan va boshqa o‘quv adabiyotlari oliy ta’lim muassasasining ilmiy-uslubiy kengashi tomonidan pedagogik amaliyotda foydalanish uchun tavsiya etilgan bo‘lishi kerak.

Professor ilmiy unvoniga talabgorning dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lganidan so‘ng nashr etilgan ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlari bo‘lishi kerak.

Xorijiy davlatlar attestatsiya organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda  O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab va ishlab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga berilgan ilmiy unvonlar attestatlari nostrifikatsiya qilinmaydi.
Xorijiy davlatlarda ilmiy unvon olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda  O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab va ishlab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ushbu Nizom talablari asosida o‘rnatilgan tartibda ilmiy unvon olishlari mumkin.

2.2. Oliy ta’lim muassasasi mutaxassislariga
dotsent ilmiy unvonini berish talablari

Dotsent ilmiy unvoni quyidagi talablarni bajargan oliy ta’lim yoki kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash muassasasi (keyingi o‘rinlarda – OTM deb yuritiladi) mutaxassislariga beriladi:
a) fan doktori  (fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan;

b) kamida 5 (besh) yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda uch yillik pedagoglik ish stajiga ega bo‘lgan;

v) kamida bir o‘quv yili davomida OTM asosiy shtatida kafedra mudiri, professor, dotsent lavozimlarida yoki oliy xarbiy ta’lim muassasalarida katta o‘qituvchi, kafedra boshlig‘i o‘rinbosari, boshlig‘i lavozimlarida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan;

yoki kamida bir o‘quv yili davomida kamida 0,25 stavka o‘quv yuklamasini bajarib pedagogik faoliyat olib borayotgan muassasa rektori (direktori, boshlig‘i), prorektori (direktor o‘rinbosari, boshliq o‘rinbosari), ilmiy kotibi yoki OTMning o‘quv-tashkiliy tuzilmasi (fakultet, bo‘lim) rahbari lavozimlarida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan;

g) pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan, shu jumladan, dissertatsiya himoyasidan keyin OTM o‘quv dasturlariga mos keladigan o‘quv-uslubiy qo‘llanma va boshqa o‘quv adabiyotlarini nashr ettirgan;

d) dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy ishlar, jumladan, ilmiy nashrlarda kamida uchta ilmiy maqola chop ettirgan;

ye) o‘qitishning zamonaviy usullarini egallagan, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, multimediya ta’lim resurslaridan foydalangan holda yuqori ilmiy va o‘quv-uslubiy saviyada ma’ruza kurslarini o‘qiyotgan, seminar mashg‘ulotlarini olib borayotgan;

j) kamida 2 (ikki) nafar magistr yoki 4 (to‘rt) nafar bakalavrga ilmiy rahbarlik qilgan (ixtisoslik kafedralarida ishlayotgan talabgorlar uchun) yoki davlat (nomdor) stipendiati yohud xalqaro, respublika olimpiadalari yoki tanlovlari g‘olibini tayyorlagan yohud ta’lim-tarbiya jarayoniga salmoqli hissa qo‘shgan;

z) davlat grantlari yoki boshqa ilmiy loyihalar yohud xo‘jalik shartnomalari asosidagi ilmiy-tadqiqot loyihalari doirasida  ilmiy izlanishlar olib borayotgan;

i) ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda (“Ma’naviyat” kunlarini o‘tkazish, dolzarb mavzular bo‘yicha talabalar bilan suhbatlar o‘tkazish, shu jumladan, «ZiyoNet» axborot-resurs portali materiallaridan foydalanilgan holda va b.) va talabalar bilan o‘quv-tarbiyaviy ishlarda ishtirok etayotgan;

k) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar davlat attestatsiyasi jarayonida ishtirok etayotgan (taqrizchi, ilmiy seminar yoki fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash a’zosi, rasmiy opponent va boshqalar sifatida).

Dotsent ilmiy unvoni mazkur Nizomning 10-bandining  “v”, “ye” – “i” kichik bandlari talablari bajarilib, quyidagi tegishli talablarni hisobga olgan holda ilmiy darajasiz shaxslarga istisno tariqasida berilishi mumkin:
a) tegishli oliy ma’lumotga, kamida 10 yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda 5 yillik pedagoglik ish stajiga, ilmiy-tadqiqot ishlariga ega bo‘lgan, ta’lim turlarining birida (umumiy o‘rta ta’lim; o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi; oliy ta’lim; oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim) pedagogik amaliyotda foydalanilayotgan o‘quv adabiyotlari bo‘lgan, jumladan, darslikning yoki kamida 2 (ikki)ta o‘quv qo‘llanmalarining yakka mualliflari bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarga;

b) yoki tegishli oliy ma’lumotga, kamida 5 (besh) yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda uch yillik pedagoglik ish stajiga ega bo‘lgan, pedagogik yoki ijodiy amaliyotda foydalanilayotgan ilmiy-tadqiqot, ijodiy ishlari va o‘quv adabiyotlari bo‘lgan, jumladan, o‘quv qo‘llanma yakka muallifi bo‘lgan hamda o‘z sohasida mintaqa (halqaro) yoki respublika tanlovlari yoki musobaqalarining g‘oliblarini yoki jamoa  (jamoalari)ni tayyorlagan O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artistlari, xalq hofizlari, xalq rassomlari, xalq me’morlari, xalq o‘qituvchilari, xalq yozuvchilari, xalq shoirlari, O‘zbekiston Respublikasi fan arboblari, O‘zbekiston Respublikasi san’at arboblari, xizmat ko‘rsatgan artistlari, rassomlari, me’morlari, trenerlari, yoshlar murabbiylari va madaniyat xodimlariga;

v) yoki madaniyat va san’at institutlari ixtisoslashgan (ijodiy, ijrochilik) kafedralarida kamida ikki yil davomida muvaffaqiyatli ishlayotgan, tegishli oliy ma’lumotga, kamida 10 (o‘n) yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda besh yillik pedagoglik ish stajiga ega bo‘lgan, ilmiy-tadqiqot, ijodiy ishlari va o‘quv adabiyotlari bo‘lgan, jumladan, o‘quv qo‘llanma yakka muallifi bo‘lgan, shuningdek, o‘z sohasida mintaqa (halqaro) yoki respublika tanlovlari g‘oliblarini tayyorlagan yuqori malakali mutaxassislarga (madaniyat, san’at nazariyasi va tarixi bo‘yicha mutaxassislaridan tashqari);

g)  yoki OTMning jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashgan kafedralarida kamida ikki yil davomida muvaffaqiyatli ishlayotgan, tegishli oliy ma’lumotga, kamida 10 (o‘n) yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda besh yillik pedagoglik ish stajiga ega bo‘lgan, ilmiy-tadqiqot ishlari va o‘quv adabiyotlari bo‘lgan, jumladan, o‘quv qo‘llanma yakka muallifi bo‘lgan, shuningdek, o‘z sohasida mintaqa (halqaro) yoki respublika musobaqalarining g‘olibi (g‘oliblari)ni yoki jamoa (jamoalari)ni tayyorlagan yuqori malakali mutaxassislarga.

2.3. Ilmiy-tadqiqot muassasasi mutaxassislariga katta ilmiy xodim
ilmiy unvonini berish talablari

Katta ilmiy xodim   ilmiy unvoni quyidagi talablarni bajargan ilmiy-tadqiqot muassasasi yoki unga tenglashtirilgan muassasa yohud OTMning ilmiy-tadqiqot tuzilmasi (keyingi o‘rinlarda – ITM deb yuritiladi) mutaxassislariga beriladi:
a) fan doktori (fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan;

b) kamida 5 (besh) yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan ITMda uch yillik ilmiy ish stajiga ega bo‘lgan;

v) kamida bir yil davomida grant rahbari yoki ilmiy-tashkiliy tuzilma boshlig‘i yohud bosh (yetakchi, katta) ilmiy xodim lavozimlarida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan;

yoki kamida bir yil davomida ITM rahbari va uning o‘rinbosari, ilmiy kotibi lavozimlarida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan va ilmiy faoliyat olib borayotgan;

g) dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy ishlar, jumladan, ilmiy jurnallarda kamida uchta ilmiy maqola, jumladan, nufuzli xorijiy yoki xalqaro ilmiy jurnalda bitta ilmiy maqola chop ettirgan;

d) davlat grantlari yoki boshqa ilmiy loyihalar yohud xo‘jalik shartnomalari asosidagi ilmiy-tadqiqot loyihalari doirasida asoslangan va natijali ilmiy izlanishlar olib borayotgan;

ye) ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etayotgan;

j) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar davlat attestatsiyasi jarayonida ishtirok etayotgan (taqrizchi, ilmiy seminar yoki fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash a’zosi, rasmiy opponent va boshqalar sifatida).

2.4. Oliy ta’lim muassasasi mutaxassislariga
professor ilmiy unvonini berish talablari

Professor ilmiy unvoni quyidagi talablarni bajargan OTM mutaxassislariga beriladi:
a)  fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan;

b) dotsent yoki katta ilmiy xodim ilmiy unvoniga ega bo‘lgan;

v) kamida 10 (o‘n) yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda besh yillik pedagoglik ish stajiga ega bo‘lgan;

g) kamida bir o‘quv yili davomida OTM asosiy shtatida kafedra mudiri, professor lavozimlarida yoki oliy xarbiy ta’lim muassasalarida kafedra boshlig‘i o‘rinbosari, boshlig‘i lavozimlarida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan;

yoki kamida bir o‘quv yili davomida kamida 0,25 stavka o‘quv yuklamasini bajarib pedagogik faoliyat olib borayotgan muassasa rektori (direktori, boshlig‘i), prorektori (direktor o‘rinbosari, boshliq o‘rinbosari), ilmiy kotibi yoki OTMning o‘quv-tashkiliy tuzilmasi (fakultet, bo‘lim) rahbari lavozimlarida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan;

d) ilmiy daraja olgan oliy malakali mutaxassis tayyorlagan;

ye) pedagogik amaliyotda  foydalanilayotgan, shu jumladan, dissertatsiya himoyasidan keyin OTM o‘quv dasturlariga mos keladigan darslik yoki o‘quv qo‘llanmalari va boshqa o‘quv adabiyotlarini nashr ettirgan;

j) dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy ishlar, jumladan, ilmiy jurnallarda kamida beshta  ilmiy maqola, jumladan, nufuzli xorijiy yoki xalqaro ilmiy jurnallarda  ikkita  ilmiy maqola chop ettirgan;

z) o‘qitishning zamonaviy usullarini egallagan,  zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, multimediya ta’lim resurslaridan foydalangan holda yuqori ilmiy va o‘quv-uslubiy saviyada ma’ruza kurslarini o‘qiyotgan;

i) davlat grantlari yoki boshqa ilmiy loyihalar yohud xo‘jalik shartnomalari asosidagi ilmiy-tadqiqot loyihalari doirasida asoslangan va natijali ilmiy izlanishlar olib borayotgan;

k) ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda (“Ma’naviyat” kunlarini o‘tkazish, dolzarb mavzular bo‘yicha talabalar bilan suhbatlar o‘tkazish, shu jumladan, «ZiyoNet» axborot-resurs portali materiallaridan foydalanilgan holda va b.) va talabalar bilan o‘quv-tarbiyaviy ishlarda ishtirok etayotgan;

l) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar davlat attestatsiyasi jarayonida ishtirok etayotgan (taqrizchi, ilmiy seminar yoki fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash a’zosi, rasmiy opponent va boshqalar sifatida).

Professor ilmiy unvoni mazkur Nizomning 13-bandining “b”, “g”, “j” – “l” kichik bandlari talablari bajarilib, quyidagi tegishli talablarni hisobga olgan holda istisno tariqasida fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga ega bo‘lgan mutaxassislarga berilishi mumkin:
a) OTMda o‘n besh yillik pedagoglik ish stajiga ega bo‘lgan, ta’lim turlarining birida amaliyotda foydalanilayotgan  yakka  mualliflikda chop etilgan darslik va kamida 2 (ikki)ta o‘quv qo‘llanmasi  bo‘lgan, kasbiy va pedagogik faoliyatida salmoqli yutuqlarga erishgan,  shuningdek, ilmiy  darajada tasdiqlangan  bir  nafar  mutaxassis  va  kamida  2 (ikki) nafar magistr yoki 4 (to‘rt) nafar bakalavrga ilmiy rahbarlik qilgan (ixtisoslik kafedralarida ishlayotgan talabgorlar uchun) yoki davlat (nomdor) stipendiati yohud xalqaro, respublika olimpiadalari yoki tanlovlari g‘olibini tayyorlagan yohud ta’lim-tarbiya jarayoniga salmoqli hissa qo‘shgan yuqori malakali mutaxassislarga;

b) yoki madaniyat, san’at, me’morchilik yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashgan (ijodiy, ijrochilik) kafedralarda faoliyat ko‘rsatayotgan, tegishli oliy ma’lumotga, kafedra sohasi bo‘yicha fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga, kamida o‘n besh yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda o‘n yillik pedagoglik ish stajiga ega bo‘lgan, dissertatsiya himoyasidan keyin oliy ta’lim, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim amaliyotida foydalanilayotgan o‘quv adabiyotlari, jumladan, OTM o‘quv dasturlariga mos keladigan  yakka mualliflikda nashr ettirgan darslik yoki o‘quv qo‘llanmalari hamda ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlari bo‘lgan; kasbiy va pedagogik faoliyatida salmoqli yutuqlarga erishgan va o‘z sohasida halqaro, mintaqa yoki respublika tanlovlari g‘oliblarini tayyorlagan yuqori malakali mutaxassislarga.

Madaniyat, san’at sohasidagi ixtisoslashgan (ijodiy, ijrochilik) kafedra mudiri yoki professori kafedra sohasi mutaxassisliklari bo‘yicha ijodiy xodimlarni, ijrochilik mutaxassislarini bevosita o‘z raxbarligida tayyorlagan bo‘lishi shart. Madaniyat, san’at nazariyasi va tarixi bo‘yicha mutaxassislar fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lishlari shart;

v) yoki jismoniy tarbiya va sport hamda muhandislik grafikasi (chizma geometriya) yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashgan kafedralarda faoliyat ko‘rsatayotgan, tegishli oliy ma’lumotga, kafedra sohasi bo‘yicha fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga, kamida o‘n besh yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda o‘n yillik pedagoglik ish stajiga ega bo‘lgan, dissertatsiya himoyasidan keyin ta’lim turlarining birida amaliyotda foydalanilayotgan o‘quv adabiyotlari, jumladan, yakka mualliflikda chop etgan darslik yoki o‘quv qo‘llanmalari hamda ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘lgan; kasbiy va pedagogik faoliyatida salmoqli yutuqlarga erishgan va o‘z sohasida halqaro, mintaqa yoki respublika musobaqalarining g‘oliblarini yoki jamoa (jamoalarini) tayyorlagan yuqori malakali mutaxassislarga.

Professor ilmiy unvoni mazkur Nizomning 13-bandining “b”, “g”, “z” – “k” kichik bandlari talablari bajarilib, quyidagi tegishli talablarni hisobga olgan holda istisno tariqasida ilmiy darajasiz mutaxassislarga berilishi mumkin:
a) tegishli oliy ma’lumotga, kamida 10 (o‘n) yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda besh yillik pedagoglik ish stajiga ega bo‘lgan, ikki o‘quv yili davomida muvaffaqiyatli ishlayotgan, oliy ta’lim, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim amaliyotida  foydalanilayotgan o‘quv adabiyotlari bo‘lgan, jumladan, OTM o‘quv dasturlariga mos keladigan  yakka mualliflikda chop etilgan darslik va kamida 2 (ikki)ta o‘quv qo‘llanmasi hamda ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlari bo‘lgan; o‘z kasbiy yo‘nalishida halqaro, mintaqa yoki respublika miqyosidagi tanlov (musobaqa)lar g‘oliblari yoki jamoa (jamoalarini) tayyorlagan O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artistlari, xalq hofizlari, xalq rassomlari, xalq me’morlari, xalq o‘qituvchilari, xalq yozuvchilari, xalq shoirlari, O‘zbekiston Respublikasi fan arboblari, O‘zbekiston Respublikasi san’at arboblari, xizmat ko‘rsatgan artistlari, rassomlari, me’morlari, trenerlari, yoshlar murabbiylari va madaniyat xodimlariga;

b) yoki me’morchilik, madaniyat va san’at institutlari ixtisoslashgan (ijodiy, ijrochilik) kafedralarida kamida ikki yil davomida muvaffaqiyatli ishlayotgan, tegishli oliy ma’lumotga, kamida o‘n besh yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan OTMda o‘n yillik pedagoglik ish stajiga ega bo‘lgan, kafedra sohasi mutaxassisliklari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni yuqori kasbiy darajada olib borayotgan, ta’lim turlarining birida amaliyotda foydalanilayotgan o‘quv adabiyotlari, jumladan, OTM o‘quv dasturlariga mos keladigan yakka mualliflikdagi darsligi va kamida 2 (ikki)ta o‘quv qo‘llanmasi, ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlari bo‘lgan, shuningdek, o‘z sohasida mintaqa (halqaro) yoki respublika tanlovlari g‘oliblarini tayyorlagan yuqori malakali mutaxassislarga (madaniyat, san’at nazariyasi va tarixi bo‘yicha mutaxassislaridan tashqari).

2.5. Ilmiy-tadqiqot muassasasi mutaxassislariga
professor ilmiy unvonini berish talablari

Ixtisoslik bo‘yicha professor ilmiy unvoni quyidagi talablarni bajargan ITM mutaxassislariga beriladi:
a) fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan;

b) katta ilmiy xodim yoki dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan;

v) kamida 10 (o‘n) yillik ilmiy va pedagoglik, jumladan ITMda 5 (besh) yillik ilmiy ish stajiga ega bo‘lgan;

g) kamida bir yil davomida davlat granti rahbari yoki ilmiy-tashkiliy tuzilma rahbari yohud bosh ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim lavozimlarida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan;

yoki kamida bir yil davomida ITM rahbari, rahbar o‘rinbosari yoki ilmiy kotibi lavozimlarida muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan;

d) kamida 2 (ikki) nafar ilmiy daraja olgan mutaxassis tayyorlagan yoki bir nafar ilmiy daraja olgan mutaxassis va kamida 5  (besh) nafar magistrga ilmiy rahbarlik qilgan yoki davlat (nomdor) stipendiati yohud xalqaro, respublika olimpiadalari yoki tanlovlari g‘olibini tayyorlagan;

ye) salmoqli ilmiy va ilmiy-texnik natijalarga erishgan (monografiya yoki risolalar nashr ettirgan yohud ixtirolarga ega bo‘lgan) hamda dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy ishlar, jumladan, ilmiy jurnallarda kamida o‘nta ilmiy maqola, jumladan, nufuzli xorijiy yoki xalqaro ilmiy jurnallarda ikkita ilmiy maqola chop ettirgan;

j) ta’lim jarayonida ishtirok etayotgan;

z) davlat grantlari yoki boshqa ilmiy loyihalar yohud xo‘jalik shartnomalari asosidagi ilmiy-tadqiqot loyihalari doirasida asoslangan va natijali ilmiy izlanishlar olib borayotgan;

i) ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etayotgan;

k) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar davlat attestatsiyasi jarayonida ishtirok etayotgan (taqrizchi, ilmiy seminar yoki fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash a’zosi, rasmiy opponent va boshqalar sifatida).

Ixtisoslik bo‘yicha professor ilmiy unvoni mazkur Nizomning 16-bandining “b” – “g”, “ye” – “k” kichik bandlari talablari bajarilib,  fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga ega bo‘lgan, ta’lim turlarining birida amaliyotda foydalanilayotgan yakka mualliflikda chop etilgan darslik va kamida 2 (ikki)ta  o‘quv qo‘llanma nashr ettirgan; kasbiy va ilmiy-pedagogik faoliyatida salmoqli yutuqlarga erishgan; ilmiy darajada tasdiqlangan bir nafar mutaxassis tayyorlagan ITM mutaxassislariga istisno tariqasida berilishi mumkin.
2.6. O‘rindoshlik asosida ishlayotgan mutaxassislarga
ilmiy unvonlarni berish talablari

Ilmiy unvonlar   ushbu   Nizomning   10-17-bandlarida sanab o‘tilgan tegishli lavozimlarga o‘rindoshlik asosida  (kamida 0,25 stavka) tayinlangan yoki soatbaylik asosida (240 soatdan kam bo‘lmasligi kerak) ishlayotgan iqtisodiyot tarmoqlarining   (OTM   va    ITM    xodimlaridan    tashqari)    yuqori    malakali     mutaxassislariga    7-17-bandlarda belgilangan talablarga rioya qilingan holda beriladi.
Ushbu hollarda taqdimnoma ilmiy unvon talabgorining o‘rindoshlik ishi joyidan taqdim etiladi.

III. ILMIY UNVONGA TAQDIM ETISH TARTIBI

Ilmiy unvonga taqdim etish masalasi ilmiy kengashda quyidagi muddatlarda ko‘rib chiqiladi:
dotsent ilmiy unvoniga – mutaxassis fan doktori (nomzodi) ilmiy darajasida tasdiqlangan yoki ilmiy daraja olganligi to‘g‘risidagi diplomi nostrifikatsiya qilingan kundan boshlab kamida bir yil o‘tgandan keyin;

katta ilmiy xodim  ilmiy unvoniga – mutaxassis fan doktori (nomzodi) ilmiy darajasida tasdiqlangan yoki ilmiy daraja olganligi to‘g‘risidagi diplomi nostrifikatsiya qilingan kundan boshlab kamida bir yil o‘tgandan keyin;

professor ilmiy unvoniga – mutaxassis dotsent yoki katta ilmiy xodim ilmiy unvonini olgan kundan boshlab kamida bir yil o‘tgandan keyin.

Mutaxassis faoliyat olib borayotgan muassasaning tegishli tuzilmasi ilmiy unvon talabgorining hujjatlarini ko‘rib chiqish uchun ilmiy kengashga taqdim etadi.
Ilmiy kengash ushbu Nizomning 7-17-bandlarida belgilangan talablar bajarilgan holda talabgorning hujjatlarini ko‘rib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.

Ilmiy unvon talabgorining attestatsiya ishi hujjatlarini qabul qilib olingan kundan boshlab 2 (ikki) oy muddat ichida ilmiy kengashda ko‘rib chiqilishi kerak (ushbu muddatlarga iyul-avgust oylari kirmaydi).
Ilmiy kengashning ilmiy unvon olishga taqdim etish haqidagi qarori yashirin ovoz  bilan qabul qilinadi.
Ilmiy kengash majlisi, agar uning ishida a’zolarning kamida uchdan ikki qismi qatnashgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi. Ilmiy kengashning ilmiy unvon berish masalasi yuzasidan qarori, agar majlisda qatnashgan kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bersa, ijobiy hisoblanadi.

Ilmiy kengashning qarori qabul qilingan kundan boshlab bir oy muddat ichida attestatsiya ishi O‘zR OAKga taqdim etiladi.
Ilmiy unvonlar berish bo‘yicha attestatsiya ishlarini rasmiylashtirish tartibini O‘zR OAK belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 6 iyuldagi 290-sonli qarori bilan tasdiqlangan «“Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovi g‘oliblariga ilmiy daraja yoki ilmiy unvon berish tartibi to‘g‘risida Nizom»ga asosan Hukumat komissiyasining mutaxassisga tegishli ilmiy unvon berish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq quyidagilar tashkil etiladi:
a) O‘zR OAK tegishli ilmiy kengashga tanlov g‘olibiga tegishli ilmiy unvon berish masalasini  ko‘rib chiqish bo‘yicha yo‘llanma xat bilan ko‘rsatma beradi (yo‘llanma xatga Hukumat komissiyasining qarori nusxasi ilova qilinadi);

b) ilmiy kengash tanlov g‘olibiga tegishli ilmiy unvon berish masalasini ko‘rib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi;

v) attestatsiya ishi O‘zR OAKga taqdim etiladi.

ATTESTATSIYA ISHINI O‘zR OAKda KO‘RIB CHIQISH
Ilmiy kengash tomonidan taqdim etilgan attestatsiya ishi O‘zR OAKda ro‘yxatga olinib, 10 (o‘n) ish kuni ichida me’yoriy-texnik ekspertizadan hamda mazkur Nizomning 28-bandida belgilangan muddatlarda ilmiy ekspertizadan o‘tkaziladi hamda yakuniy qaror qabul qilinadi.
O‘zR OAK tegishli bo‘limlari hamda ekspert kengashlari attestatsiya ishlari hujjatlarining mazmun-mohiyati hamda tegishli me’yoriy tadbirlarning mavjud huquqiy-normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tekshiradi.

Me’yoriy-texnik ekspertiza jarayonida mavjud huquqiy-normativ hujjatlar talablariga rioya qilinmagani aniqlansa, attestatsiya ishi O‘zR OAK Me’yoriy komissiyasi qarori bilan ko‘rilishdan to‘xtatiladi va ilmiy kengashga rasmiy xat bilan qaytarib yuboriladi. Bunday hollarda, ilmiy kengash tomonidan tegishli xatolik (xatoliklar) to‘g‘rilangandan yoki tegishli tadbir (tadbirlar) belgilangan tartibda amalga oshirilgandan so‘ng, tegishli hujjat yoki attestatsiya ishi yangidan rasmiylashtirilib, yo‘llanma xat bilan qayta taqdim etiladi.

Attestatsiya ishlarini ekspert kengashida ko‘rib chiqish O‘zR OAK «Ekspert kengashi to‘g‘risida Nizom» asosida amalga oshiriladi.
Attestatsiya ishi bo‘yicha O‘zR OAK Rayosatining yakuniy qarori qabul qilinadi.

Ilmiy unvon talabgorining attestatsiya ishi O‘zR OAKda 3 (uch) oy muddat ichida ko‘rib chikiladi (ushbu muddatga iyul-avgust oylari kirmaydi).
Ekspertizani o‘tkazish uzoqroq muddat talab etiladigan alohida hollarda O‘zR OAK Rayosati qarori bilan attestatsiya ishini ko‘rish muddati uzaytirilishi mumkin.

Ilmiy unvonga talabgor attestatsiya ishini ko‘rib chiqish jarayonining har kanday bosqichida: ilmiy kengashda – yashirin ovoz berishgacha; O‘zR OAKda – Rayosat qarori qabul qilingunigacha ishni muhokamadan olishga haqli. Ilmiy unvon talabgorining yozma arizasiga binoan attestatsiya ishini muhokamadan olish to‘g‘risidagi qaror O‘zR OAK Rayosati tomonidan qabul qilinadi.
ATTESTATLARNI RASMIYLASHTIRISH VA BERISH
O‘zR OAK Rayosatining ilmiy unvon berish haqidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ilmiy unvon attestati ilmiy unvon berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oy muddat davomida O‘zR OAK Rayosatining qaroriga muvofiq fuqarolik pasporti asosida belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.

Attestatni yo‘qotgan mutaxassisga yangi tartib raqami qo‘yilgan dublikat ilgari berilgan attestatga muvofiq ravishda O‘zR OAK Rayosati qarori asosida rasmiylashtiriladi.
Familiyasi, ismi, otasining ismi o‘zgargan bo‘lsa, attestatlar yangisiga almashtirilmaydi.

Attestatlar va ularning dublikatlarini rasmiylashtirish va berish tartibini O‘zR OAK belgilaydi.
ILMIY UNVONDAN MAHRUM ETISH
(ILMIY UNVONDA TIKLASH)

Attestatsiya ishi ekspertizasi noxolis o‘tkazilganligi aniqlanganda, shaxs O‘zR OAK Rayosati qarori bilan tegishli ilmiy unvondan mahrum etilishi mumkin.
Shaxsni ilmiy unvondan mahrum etish bo‘yicha iltimosnoma O‘zR OAK Rayosati, O‘zR OAK ekspert kengashi, tegishli ilmiy kengash, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan O‘zR OAK yoki ilmiy kengashga taqdim etilishi mumkin.
Mazkur masala bo‘yicha tegishli materiallar (yo‘llanma xat (ariza), asoslovchi tegishli hujjatlar) O‘zR OAKga taqdim etilishi kerak. Taqdim etilgan materiallar O‘zR OAK ekspert kengashida muhokama qilinib, masalani ko‘rib chiqadigan tegishli ilmiy kengash bo‘yicha tavsiya beriladi.
O‘zR OAK topshirig‘i asosida ilmiy kengash shaxsni ilmiy unvondan mahrum etish masalasini mazkur Nizom talablari asosida ko‘rib chiqadi. Ilmiy kengash a’zolarining 3 nafari tarkibida ishchi guruhi tuziladi. Ishchi guruhi masalani bir oy ichida mukammal o‘rganib chiqib, Ilmiy kengash qarori loyihasini tayyorlaydi. Masala ilmiy kengash majlisida ko‘rib chiqiladi.
Ilmiy kengash majlisi uning a’zolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Ilmiy kengashning ilmiy unvondan mahrum etish haqidagi xulosasi, agar yashirin ovoz berish natijasida majlisda qatnashgan kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bersa, qabul qilingan deb topiladi.

Ilmiy kengash o‘z majlisiga ilmiy unvondan mahrum etilayotgan shaxsni va boshqa mutaxassislarni taklif etishi mumkin. Ilmiy kengash tegishli qaror qabul qiladi, shuningdek ilmiy kengash majlisi bayonnomasi va tegishli hujjatlarni rasmiylashtiradi hamda O‘zR OAKga 10 (o‘n) ish kuni ichida taqdim etadi.

Shaxsni ilmiy unvondan mahrum etish bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar O‘zR OAK ekspert kengashida muhokama qilinib, tegishli tavsiya qabul qilinadi.
Ekspert kengashda ilmiy unvondan mahrum etish haqidagi masalani ko‘rib chiqish tartibi “Ekspert kengashi to‘g‘risida Nizom”da belgilanadi.

Shaxsni ilmiy unvondan mahrum etish bo‘yicha ilmiy kengash qarori va O‘zR OAK ekspert kengashi tavsiyasi O‘zR OAK Rayosatida ko‘rib chiqilib,  yakuniy qaror qabul qilinadi.
Ilmiy unvon berish to‘g‘risidagi O‘zR OAK Rayosati qarori 5 (besh) yil oldin qabul qilingan bo‘lsa, mazkur masala ko‘rib chiqilmaydi.
Ilmiy unvondan mahrum etish bo‘yicha ilmiy kengash iltimosnomasi asosida ilmiy unvondan mahrum etilgan shaxs ushbu kengashning iltimosnomasiga binoan O‘zR OAK Rayosati qarori bilan tegishli ilmiy unvonda tiklanishi mumkin.
VII. APELLYATSIYANI KO‘RIB CHIQISH

O‘zR OAK Rayosatining yoki ilmiy kengashning ilmiy unvon berish (rad javobi berish) yoki undan mahrum etish bo‘yicha qarori qabul qilingan kundan boshlab 2 (ikki) oy muddat ichida manfaatdor jismoniy yoki yuridik shaxs yohud ilmiy kengash apellyatsiya bilan O‘zR OAK raisi nomiga yozma ravishda murojaat qilishi mumkin.
Apellyatsiya quyidagi hollarda qabul qilinmaydi:
a) mazkur Nizomning 41-bandida belgilangan muddat o‘tib ketganda;

b) O‘zR OAK ekspert kengashi xulosasi va tavsiyasiga;

v) bir masala bo‘yicha takroran apellyatsiya berilganda (bunday hollarda apellyatsiya taqdim etilsa, apellyatsiya belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, «ma’lumot uchun» mazmunidagi ko‘rsatma bilan ilmiy unvon talabgorining attestatsiya ishiga tikib qo‘yiladi va shu mazmunda apellyatsiya beruvchiga javob xati jo‘natiladi).

Kengash qarori  yuzasidan berilgan apellyatsiyani OAK Me’yoriy komissiyasi ko‘rib chiqadi.
Zarur hollarda OAK Me’yoriy komissiyasi ushbu apellyatsiyani ko‘rib chiqish uchun ekspert  kengashiga topshirishi mumkin.

Ekspert kengashda apellyatsiyani ko‘rib chiqish tartibi “Ekspert kengashi to‘g‘risida Nizom”da belgilanadi.

O‘zR OAK Rayosati qarori yuzasidan berilgan apellyatsiyani tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha O‘zR OAK Rayosati a’zosi (a’zolari) va tegishli ekspert kengashi raisi ishtirokida OAK Me’yoriy komissiyasi ko‘rib chiqadi.
Agar OAK Me’yoriy komissiyasi ushbu apellyatsiyani ko‘rib chiqish lozimligi to‘g‘risida qaror qabul qilsa, unda ushbu masalani ko‘rib chiqishning avvalgi barcha bosqichlarida qatnashmagan olim-mutaxassislardan iborat Apellyatsiya komissiyasi tuziladi.

Apellyatsiya komissiyasida apellyatsiyani ko‘rib chiqish tartibini O‘zR OAK belgilaydi.

Agar OAK Me’yoriy komissiyasi ushbu apellyatsiyani ko‘rib chiqish lozim emasligi to‘g‘risida qaror qabul qilsa, unda O‘zR OAK Rayosatining rad javobi berish to‘g‘risidagi qarori loyihasi tayyorlanadi va O‘zR OAK Rayosatiga tavsiya etiladi.

O‘zR OAK Rayosati Apellyatsiya komissiyasi yoki Me’yoriy komissiyaning xulosasini ko‘rib chiqadi va apellyatsiya bo‘yicha yakuniy qaror qabul qiladi.
Apellyatsiya yuzasidan O‘zR OAK Rayosatining qarori uzil-kesil hisoblanadi.

VIII. ILMIY UNVONGA QAYTA TAQDIM ETISH

O‘zR OAKda avval ko‘rib chiqilgan tegishli attestatsiya ishlari bo‘yicha ilmiy kengash ularni quyidagi muddatlarda qayta taqdim etishi mumkin:
a) O‘zR OAK Rayosatining qarori bilan attestatsiya ishiga rad javobi berilgan kundan boshlab kamida bir yildan so‘ng;

b) O‘zR OAK Rayosati qarori yuzasidan berilgan apellyatsiyaga rad javobi berish bo‘yicha qaror qabul qilingan kundan boshlab kamida 3 (uch) yil o‘tgandan so‘ng;

v) ilmiy unvon talabgorining arizasiga binoan ko‘rilishdan to‘xtatilgan attestatsiya ishi bo‘yicha tegishli kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng.

Kengash    ilmiy   unvonga   qayta   taqdim   etishi   uchun   ushbu   Nizomning  7-17-bandlarida belgilangan tegishli talablar bajarilgan hamda talabgorning bosilib chiqqan yangi o‘quv-uslubiy va ilmiy ishlari bo‘lishi shart.
YAKUNIY QOIDALAR
Nizomga rioya etilishini nazorat qilish O‘zR OAK tomonidan amalga oshiriladi.  Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni davlat attestatsiyasidan o‘tkazishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida nazorat natijalari «OAK Byulleteni» jurnalida yoritib boriladi.
Mazkur Nizom bo‘yicha barcha tushuntirishlar O‘zR OAK Rayosati tomonidan beriladi.
Mazkur Nizom O‘zR Iqtisodiyot vazirligi, O‘zR Moliya vazirligi, O‘zR Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zR Oliy va o‘rta mahsus ta’lim vazirligi, O‘zR Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zR Tashqi ishlar vazirligi, O‘zR Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zR Xalq ta’limi vazirligi, O‘zR Ichki ishlar vazirligi, O‘zR Mudofaa vazirligi,  O‘zR Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zR Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar texnologiyalari davlat ko‘mitasi va «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi  bilan kelishilgan.

Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom

Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom

Umumiy qoidalar
Malakaviy imtihonlar
III. Dissertatsiyalarga qo‘yiladigan talablar

Dissertatsiya natijalari bo‘yicha e’lon qilingan ilmiy ishlarga
qo‘yiladigan talablar

Dissertatsiyani ish bajarilgan tashkilotda dastlabki ko‘rib chiqish
Dissertatsiyani himoyaga taqdim etish
VII. Dissertatsiyani kengashda dastlabki ko‘rib chiqish

VIII. Dissertatsiya ishining himoyasini tashkil etish

Dissertatsiyani himoya qilish
Attestatsiya ishini OAKga taqdim etish
Dissertatsiyani qayta himoya qilish
XII. OAKda dissertatsiyani ko‘rib chiqish

XIII. Ilmiy darajalar haqidagi hujjatlarni nostrifikatsiya qilish

XIV. Diplomlarni rasmiylashtirish va berish

Ilmiy darajadan mahrum etish
XVI. Apellyatsiyalar (shikoyat arizalari)ni ko‘rib chiqish

Yakuniy qoidalar
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g‘risida»gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 y., 9-son, 225-modda) va «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi to‘g‘risida»gi Qonunlariga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 y., 11-12-son, 295-modda) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 2 noyabrdagi PK-1426-son «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010 y., 44-45-son, 376-modda) va 2012 yil 24 iyuldagi PF-4456-son «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoniga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012 y., 30-son, 346-modda), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 9 sentyabrdagi 421-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1992 y., 9-son, 28-modda) muvofiq fan, texnika, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni davlat attestatsiyasidan o‘tkazish, ilmiy daraja berish, undan mahrum etish va apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish tartibini belgilaydi.

UMUMIY QOIDALAR
Mazkur fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomda quyidagi qisqartma va asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
OAK – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi;

attestatsiya – oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash jarayoni bosqichlarida tegishli chora-tadbirlarni o‘tkazish, ya’ni tashkilotlarda malakaviy imtihonlarni topshirish, ilmiy seminarlarda dissertatsiya ishini aprobatsiyadan o‘tkazish, fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashda dissertatsiya himoyasini o‘tkazish va OAKda dissertatsiyani ekspertiza qilish asosida talabgorlarning ilmiy saviyasini hamda dissertatsiya natijalarining yangiligini va sifatini baholash;

attestatsiya ishi – talabgorning attestatsiyasiga oid hujjatlar to‘plami;

dissertatsiya ishi – talabgorning e’lon qilgan ilmiy ishlari asosida tayyorlangan qo‘lyozma shaklidagi ilmiy asar;

ekspertiza – dissertatsiya ilmiy natijalarini nechog‘lik to‘g‘riligi va yangiligini, dissertatsiyaning nazariya va amaliyot uchun ahamiyatini, dissertatsiya ishlarini baholash mezonlariga mos kelishini hamda OAK Nizomlari talablariga muvofiqligini baholash;

dastlabki ko‘rib chiqish (dastlabki ekspertiza) – dissertatsiya ishining himoyadan oldin o‘tkaziladigan ekspertizasi;

ilmiy daraja – oliy ta’limdan keyingi ta’lim negizida attestatsiya natijalari asosida beriladigan fan doktori darajasi;

malakaviy imtihonlar – oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, talabgorning nazariy va kasbiy tayyorgarligi darajasini aniqlash bo‘yicha sinovlar;

ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiya qilish – xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va ekvivalentligini qayd etish (qayta attestatsiyadan o‘tkazish asosida tenglashtirish);

ilmiy darajadan mahrum etish – yetarlicha asos bo‘lgan hollarda ilmiy darajaga ega bo‘lgan shaxslarning diplomlarini bekor qilish;

apellyatsiyani ko‘rib chiqish – ilmiy daraja berish (undan maxrum etish) masalasiga oid qabul qilingan qarorlar yuzasidan berilgan norozilik arizalarini nechog‘lik asosli ekanligini e’tiborga olib, ko‘rib chiqish.

Ushbu Nizom fan doktori ilmiy darajasini berish tartibini belgilaydi. Ilmiy daraja ilmiy yoki ilmiy-pedagogik faoliyat olib borayotgan, fanning muayyan sohasida chuqur kasbiy bilimlarga va ilmiy yutuqlarga hamda magistr darajasiga yoki bakalavr va magistr darajalari joriy etilgunga qadar olingan oliy ma’lumotga, yoxud oliy harbiy ta’lim diplomiga, shuningdek, fan nomzodi, xorijiy davlatlarda berilgan falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga ega bo‘lgan yuksak ma’naviyatli shaxslarga beriladi.
Shuningdek, bakalavr darajasiga, oliy ma’lumotli harbiy mutaxassis diplomiga yoki mutaxassis diplomiga yoxud klinik ordinaturani bitirganligi to‘g‘risidagi mutaxassis guvohnomasiga, 5 yildan kam bo‘lmagan amaliy ish stajiga ega bo‘lib, ilmiy izlanishlarga layoqati mavjud bo‘lib, belgilangan talablarga mos keladigan ma’lum bir ilmiy yutuqlarga (intellektual mulk ob’yektiga bo‘lgan muhofaza (egalik) hujjatlari, ilmiy maqolalar, ilmiy-texnologik ishlanmalarda qatnashish va boshqalar) erishgan bo‘lib, o‘rnatilgan tartibda mustaqil tadqiqotchi sifatida rasmiylashtirilgan shaxslarga dissertatsiya himoya qilish ruxsat etiladi.

Tibbiyot fanlari bo‘yicha dissertatsiya himoya qilish tibbiyot sohasi bo‘yicha magistr darajasiga yoki bakalavr va magistr darajalari joriy etilgunga qadar olingan oliy ma’lumotga ega yoxud klinik ordinaturani bitirgan shaxslarga, veterinariya fanlari bo‘yicha dissertatsiya himoya qilish – veterinariya sohasi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega shaxslarga, yuridik fanlar bo‘yicha dissertatsiya himoya qilish – amaldagi huquq (yurisprudensiya) sohasi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega shaxslarga ruxsat etiladi.

OAK tegishli ekspert kengashning tavsiyasini inobatga olgan holda fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashning (keyingi o‘rinlarda – kengash deb yuritiladi) ilmiy daraja talabgori o‘z dissertatsiyasini ilmiy jamoatchilik oldida himoya qilgandan keyin qabul qilgan fan doktori ilmiy darajacini berish to‘g‘risidagi qarorini tasdiqlaydi.
Ilmiy daraja olish uchun yozilgan dissertatsiya ishi talabgorning e’lon qilgan ilmiy ishlari asosida tayyorlanadi.
Dissertatsiyani tayyorlash, uni himoya qilish, OAKga taqdim etish uchun rasmiylashtirish qaysi tilda bo‘lishi lozimligi O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuniga muvofiq belgilanadi. Talabgor dissertatsiyani o‘z xohishiga qarab uch tilning birida: o‘zbek, rus yoki ingliz tilida yozishi mumkin.

Qoraqalpoq adabiyotshunosligi va tilshunosligi bo‘yicha dissertatsiyalar talabgorlarning xohishiga qarab qoraqalpoq tilida yozilishi mumkin.

Tadqiqotning maqsad va vazifalarini aniq belgilash, dissertatsiya ishi va uning avtoreferati sifati va mazmuniga ilmiy maslahatchi va talabgor mas’uldirlar.

OAK fan va texnologiyalarni rivojlantirishga xamda iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilishga ulkan hissa qo‘shgan eng katta ixtiro muallifiga, istisno tariqasida, dissertatsiya himoyasisiz fan doktori ilmiy darajasini berishi mumkin. Bu holda talabgorga ilmiy daraja berish tartibini OAK belgilaydi.
Yopiq mavzular bo‘yicha dissertatsiya himoya qilishni tashkil etish va fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi OAKning maxsus Nizomida belgilanadi.

Fan doktori ilmiy darajaciga ega bo‘lganlarga belgilangan namunadagi diplom beriladi.
MALAKAVIY IMTIHONLAR
Fan doktori ilmiy darajasiga talabgor tegishli malakaviy imtihonlarni topshirishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun malakaviy imtihonlar «O‘zbekiston eng yangi tarixi», «Chet tili» hamda dissertatsiya mavzusiga muvofiq ixtisoslik fanidan o‘tkaziladi.
Ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiyot fanlari sohalaridagi ilmiy darajaga talabgor O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari “Mustaqillik mafkurasi va demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy negizlari va ilmiy asoslari” bo‘yicha maxsus imtihonni ham topshirishlari kerak.

Chet el fuqarolari uchun malakaviy imtihonlar dissertatsiya mavzusiga muvofiq ixtisoslik fanidan o‘tkaziladi.

Bakalavr darajasiga, oliy ma’lomotli mutaxassis diplomiga ega bo‘lgan (klinik ordinaturani bitirgan mutaxassislar) fan doktori ilmiy darajasiga talabgorlar malakaviy imtixonlardan tashqari ushbu fan yo‘nalishining asosiy mazmuni hamda umummetodologik va nazariy muammolarini yetarlicha keng qamrab oladigan mutaxassislik bo‘yicha qo‘shimcha magistrlik imtihonini topshirishlari shart. Magistrlik imtihoni talabgorning ixtisosligi bo‘yicha magistratura mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarida topshiriladi.
Oliy ma’lomotli harbiy mutaxassis diplomiga ega bo‘lgan harbiy fanlar doktori ilmiy darajasini olish uchun talabgorlar tegishli oliy harbiy ta’lim o‘quv dasturlari bo‘yicha qo‘shimcha imtihonlarni topshirishlari shart.

Imtihon qabul qiladigan muassasa malakaviy imtihonini qabul qilinishidan besh kun oldin talabgorlar ro‘yxatini, imtihon qabul qilish vaqti, joyi va komissiyaning tarkibiga doir ma’lumotlarni kuzatuv xati bilan birga OAKga yuborishi zarur.
OAKni xabardor qilmasdan malakaviy imtihonlarni olish man etiladi.

OAK malakaviy imtihonlarda qatnashish va uni nazorat qilish uchun o‘z vakillarini yuborishi mumkin.
Malakaviy imtihonlarning mazmunini va ularni topshirish tartibini OAK Rayosati belgilaydi.
III. DISSERTATSIYALARGA QO‘YILADIGAN TALABLAR

Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya muallif o‘tkazgan tadqiqotlar va u yaratgan ishlanmalar asosida muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik dolzarb ilmiy yoki amaliy muammo hal qilingan yoki tegishli fan sohasining istiqbolli yo‘nalishini rivojlantirishda ma’lum bir yutuq deb baholash mumkin bo‘lgan yangi nazariy qoidalar majmui ishlab chiqilgan yoxud joriy etilishi fan, texnikani rivojlantirishga hamda ijtimoiy-siyosiy sohani va iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilishga hissa qo‘shadigan ilmiy asoslangan yechimlar o‘z ifodasini topgan yuqori malakaviy ilmiy asar bo‘lishi kerak.
Dissertatsiya shaxsan tayyorlangan bo‘lishi, muallif oshkora himoya uchun ilmiy jamoatchilik muhokamasiga taqdim etayotgan yangi ilmiy holatlar va amaliy natijalarning majmuini o‘z ichiga olishi, mohiyat jihatidan ichki birlikka ega mazmunan yaxlit, tugallangan bo‘lishi va muallifning shaxsan fanga qo‘shgan hissasini aks ettirishi lozim.
Amaliy ahamiyatga molik dissertatsiyada iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohann dolzarb muammolarining yechimi va muallif erishgan ilmiy natijalardan amaliyotda foydalanilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar, nazariy ahamiyatga molik dissertatsiyada esa ilmiy xulosalardan foydalanishga doir tavsiyalar berilishi lozim.
Dissertatsiya ishi natijalarini amaliyotga tatbiq etilganligi yoki iqtisodiyot tarmoqlarining tegishli korxonalari, vazirliklar, idoralar yoki boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan joriy qilish uchun qabul qilinganligi yuzasidan asosli hujjatlar kengashda muhokama etilib, attestatsiya ishiga ilova qilinadi. Ushbu hujjatlar vazirlik, idora, tashkilot, muassasa yoki korxona ilmiy-texnikaviy kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilgan, ma’qullangan va uning rahbariyati tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Ilmiy ma’ruza shaklidagi dissertatsiya talabgor muntazam bajargan va uning asarlarida e’lon qilingan, ushbu fan sohasining mutaxassislariga keng ma’lum bo‘lgan fan va amaliyot uchun katta ahamiyatga molik natijalarning qisqacha umumlashtirilgan bayonidan iborat bo‘ladi.
Talabgor ilmiy ishining ahamiyati hamda ilmiy ma’ruza shaklida dissertatsiya himoya qilishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosani uning asosiy tadqiqotlari o‘tkazilgan va ishlanmalari bajarilgan tashkilot beradi. Ilmiy ma’ruza shaklidagi dissertatsiyani himoya qilish uchun OAK Rayosatining ruxsati bo‘lishi zarur. Ilmiy ma’ruza shaklidagi dissertatsiyani taqdim etish va himoya qilish tartibini OAK belgilaydi.

Dissertatsiya mavzusi dolzarb va respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining asosiy ustuvor yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lishi shart. Dissertatsiya ishi mavzusi oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Dissertatsiya mavzusi ushbu fan yo‘nalishi bo‘yicha tuzilgan Muvofiqlashtiruvchi kengashda ko‘rib chiqilgandan, ma’qullangandan so‘ng, «OAK Byulleteni» jurnalida e’lon qilinishi shart.

Dissertatsiya ishi mavzusini to‘g‘ri tanlanganligi va dolzarbligiga ilmiy kengash hamda talabgor mas’uldir. Dissertatsiyani ximoyaga qabul qilingunga qadar o‘rnatilgan tartibda uning mavzusiga juz’iy o‘zgartirishlar kiritish mumkin.

Dissertatsiya ishi kirish qismi, kamida to‘rtta bo‘lim, asosiy xulosalar va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat bo‘lib, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.
Dissertatsiyaning matni 200 sahifadan oshmasligi kerak. Gumanitar va ijtimoiy fanlar sohasidagi dissertatsiya hajmi ko‘pi bilan 30 foizga oshirilishi mumkin.

Dissertatsiyaning titul varag‘i va avtoreferat muqovasining orqa tomonida faqat bitta ilmiy maslahatchi ko‘rsatilishi mumkin.

Zarur hollarda, OAK ruxsati bilan dissertatsiyaning titul varag‘i va avtoreferat muqovasining orqa tomonida ikkinchi ilmiy maslahatchi ko‘rsatilishi mumkin. Ixtisosliklar tutashligida bajarilgan dissertatsiyalar bundan mustasno.

Kengash tomonidan dissertatsiya himoyaga qabul qilinganidan so‘ng, dissertatsiyaga va uning avtoreferatiga o‘zgartirishlar kiritish mumkin emas.

Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha foydalanilgan adabiyotlar asosan oxirgi o‘n besh yil ichida nashr etilgan bo‘lishi tavsiya etiladi.
Dissertatsiyada foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati talabgorning xohishiga ko‘ra alifbo, sistematik yoki matnda havola ketma-ketligi tartibida keltiriladi. Dissertatsiyada foydalanilmagan, havola berilmagan adabiyotlarni ro‘yxatga kiritish mumkin emas.

Talabgor o‘z dissertatsiyasida foydalangan materiallar yoki ayrim natijalar manbaini, ularning muallifi va nomini to‘la ko‘rsatishi zarur. Ilmiy ish yozishda qatnashgan hammualliflarning g‘oya yoki ishlanmalaridan dissertatsiyada foydalanganda talabgor buni dissertatsiya va avtoreferatda qayd etishi shart.
Xammualliflikdagi ilmiy ish natijalari faqat birgina muallifning dissertatsiyasiga to‘la-to‘kis kiritilishi mumkin.

O‘zganing materialidan uning muallifi va manbaini ko‘rsatmasdan foydalanilgan taqdirda, dissertatsiya, u qaysi bosqichda ko‘rilayotgan bo‘lishidan qat’iy nazar, muhokamadan olib tashlanadi va qayta himoya qilish huquqidan mahrum etiladi.

DISSERTATSIYA NATIJALARI BO‘YICHA E’LON QILINGAN
ILMIY ISHLARGA QO‘YILADIGAN TALABLAR

Fan doktori ilmiy darajasiga talabgorlarning nashr etgan ilmiy ishlari dissertatsiyaning himoya qilinayotgan asosiy natijalarini aks ettirishi kerak. Dissertatsiya natijalari xalqaro ilmiy konferensiya, seminarlarda va respublikada o‘tkaziladigan davra suhbatlarida muhokamadan o‘tkazilishi (aprobatsiya qilinishi) shart.
Dissertatsiyaning asosiy ilmiy natijalari xorijda va respublikada chop etiladigan OAK ro‘yxatidagi ilmiy jurnallarda, davriy ilmiy nashrlarda e’lon qilinishi lozim. Dissertatsiya bo‘yicha talabgorning nashr qilingan ilmiy ishlari umumiy soni 15 tadan kam bo‘lmasligi va ulardan kamida o‘ntasi OAK ro‘yxatidagi davriy ilmiy jurnallarda nashr qilingan bo‘lishi kerak.

Ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiyot sohalari bo‘yicha dissertatsiya natijalari yuzasidan monografiya nashr etilgan bo‘lishi kerak.

Fan doktori ilmiy darajasiga talabgorning dissertatsiya ishi natijalari yuzasidan uning kamida ikkita maqolasi OAK ro‘yxatidagi dissertatsiya himoya qilinayotgan fan sohasi yuqori darajada rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ixtisoslashgan ilmiy jurnallarida, shuningdek ikkita maqolasi xalqaro ilmiy konferensiya materiallarida, jumladan bittasi xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan konferensiya materiallarida nashr etilgan bo‘lishi shart.
Talabgorning chop etilgan maqolalari OAK talablariga javob bermagan, lekin dissertatsiya ishi yuksak ilmiy yoki amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan hollarda, dissertatsiyaning himoyasi masalasini istisno tariqasida OAK Rayosati hal qiladi.
Intellektual mulk ob’yektlariga bo‘lgan muhofaza (egalik) hujjatlari, preprintlar, ilmiy xaritalar, ilmiy anjuman, konferensiya, simpozium va seminarlarda qilingan ma’ruzalarning bosilib chiqqan tezislari, korxonalar qurish, ularni kengaytirish, modernizatsiya qilish hamda texnik va texnologik qayta jihozlash loyihalarining texnologik qismlari, davlat ma’lumotlar bankiga qo‘shilgan yangi materiallarning axborot kartalari xam dissertatsiyaning ilmiy natijalarini aks ettiruvchi e’lon qilingan ishlar jumlasiga kiradi.
Intellektual mulk ob’yektlariga bo‘lgan muhofaza (egalik) hujjatlari shu fan sohasi yuqori darajada rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ixtisoslashgan ilmiy jurnallarida chop etilgan maqolalarga tenglashtiriladi.

Ilmiy kengash qarori bilan chop etilgan monografiya (kamida 6 bosma taboq xajmda) nufuzli ixtisoslashgan ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolaga tenglashtiriladi.

Darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, uslubiy ko‘rsatmalar, o‘quv-uslubiy ishlar dissertatsiyaning natijalarini aks ettiruvchi e’lon qilingan ilmiy ishlar jumlasiga kirmaydi.

Dissertatsiyaning avtoreferatida ilmiy ishlar ro‘yxati uch bo‘limdan iborat holda xronologik tartibda keltiriladi:
birinchi bo‘limda monografiyalar va ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalar ro‘yxati keltiriladi;

ikkinchi bo‘limda intellektual mulk ob’yektlariga bo‘lgan muhofaza (egalik) hujjatlarining ro‘yxati keltiriladi;

uchinchi bo‘limda ilmiy to‘plamlarda chop etilgan maqolalar, tezislar, preprintlar, ilmiy jurnallarda chop etilgan referat, axborot va annotatsiyalar ro‘yxati beriladi.

Avtoreferatda keltirilgan barcha ilmiy ishlar dissertatsiya mavzusiga qat’iyan muvofiq bo‘lishi kerak.
Avtoreferat va dissertatsiyada ko‘rsatilgan ilmiy ishlarning nashriga oid ma’lumotlar mavjud talablarga batamom mos ravishda keltirilishi (barcha mualliflar to‘la yozilishi hamda maqolalar chop etilgan jurnal yoki to‘plam betlari aniq ko‘rsatilishi) zarur.

Dissertatsiya himoyasi talabgorning ilmiy natijalarini aks ettiruvchi ishlari e’lon qilingandan ikki oy o‘tgach, o‘tkazilishi mumkin. Nashrga topshirilgan bo‘lsa-da, lekin hali chop etilmagan ishlar dissertatsiyada va dissertatsiya avtoreferatida keltirilishi mumkin emas.

Agar talabgorning maqolalari hammualliflikda yozilgan bo‘lsa, u har bir hammuallifning hissasini xolis aks ettirishi lozim va maqolalaridan o‘z dissertatsiyasida qisman yoki to‘la foydalanish uchun asosiy hammualliflarning yozma roziligini olishi zarur. Ana shu yozma rozilik kengashda saqlanadigan attestatsiya hujjatlariga ilova qilinadi.
Fan doktori ilmiy darajasiga talabgorning asosiy ilmiy ishlari nusxalari OAKga yuboriladigan attestatsiya hujjatlariga ilova qilinadi.
DISSERTATSIYANI ISH BAJARILGAN TASHKILOTDA
DASTLABKI KO‘RIB CHIQISH

Talabgor tayyorlagan dissertatsiyasini dastlabki ko‘rib chiqish uchun ish bajarilgan yoki u biriktirib qo‘yilgan tashkilot rahbari nomiga ariza bilan murojaat etadi. Tashkilot rahbari dissertatsiya ishini ushbu tashkilotning yoki dissertatsiya ixtisosligi bo‘yicha ilmiy ishlar bajarilayotgan boshqa tashkilot(lar)ning tegishli kafedra, bo‘lim, laboratoriya yoki kafedralararo, laboratoriyalararo birlashgan ilmiy seminarlariga yoki muammoviy kengashga dastlabki ekspertiza uchun muhokamaga yuboradi.
Dissertatsiya dastlabki ekspertiza uchun topshirilgan kunidan e’tiboran ikki oydan kechiktirmasdan xulosa talabgor qo‘liga berilishi kerak.
Tashkilot rahbari topshirilgan dissertatsiyani ko‘rish tartibini belgilaydi va ko‘rib chiqish muddatini nazorat qiladi.

Ish bajarilgan tashkilot dissertatsiyani dastlabki ekspertizasi yuzasidan xulosa (ilmiy seminar bayonnomasidan kengaytirilgan, batafsil ko‘chirma shaklida) beradi. Xulosada dissertatsiyada bayon etilgan natijalarni olishda muallifning aniq shaxsiy ishtiroki, o‘tkazilgan tadqiqot natijalarining nechog‘lik to‘g‘riligi, ularning qay darajada yangiligi va amaliy ahamiyati; dissertatsiya mavzusiga mos ixtisoslik, dissertatsiya materiallarining muallif e’lon qilgan ilmiy ishlarda nechog‘lik to‘liq bayon etilganligi o‘z ifodasini topishi lozim.
Xulosaning sifati, xolisligi va tayyorlash muddati uchun tashkilot rahbari mas’uldir.

Ilmiy daraja talabgorlari dissertatsiyasini dastlabki ekspertizadan o‘z xohishlari bilan mustaqil ravishda ilmiy seminarlarga murojaat qilib o‘tkazishlari mumkin. Ish bajarilgan tashkilot rahbari yoki kengash dastlabki ekspertizalar natijalaridan qoniqmagan taqdirda, dissertatsiyani qo‘shimcha ravishda ekspertizaga yuboradi.
Agar talabgor O‘zbekiston Respublikasida bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlari asosida tayyorlangan dissertatsiya ishini boshqa davlatda himoya qilmoqchi bo‘lgan taqdirda, belgilangan tartibda OAK ruxsatnomasi va yo‘llanmasini olishi lozim.
DISSERTATSIYANI HIMOYAGA TAQDIM ETISH
Dissertatsiya dastlabki ekspertizadan va muhokamadan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng, ish bajarilgan tashkilot rahbari dissertatsiyani tegishli kengashga himoyaga qabul qilish uchun yo‘llaydi.
Iltimosnomada kengash va kengash qoshidagi ilmiy seminar faoliyatiga tegishli xarajatlarni moliyalashtirish bo‘yicha kafolat berilishi kerak.

Agar tashkilot rahbari tegishli kengashning raisi bo‘lsa, dissertatsiyani kengash qoshidagi ilmiy seminarga yo‘llaydi.

Agar dissertatsiya ixtisosligi bo‘yicha kengash bo‘lmasa, ish bajarilgan tashkilot bir martalik kengash tuzishni so‘rab, dissertatsiya ixtisosligiga mos yoki yaqin keluvchi kengashga yoki OAKga murojaat qiladi.

Oliy ta’lim muassasalarining rektorlari va prorektorlari, tashkilot rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari o‘zlari ishlayotgan joydagi, boshqaruv mahkamasi rahbar xodimlari o‘z idoralariga qarashli tashkilotlardagi kengashlarda dissertatsiya himoya qilishiga ruxsat berilmaydi. OAK xodimlari OAK Rahbariyati ruxsati bilan dissertatsiya himoya qilishlari mumkin.
VII. DISSERTATSIYANI KENGASHDA DASTLABKI KO‘RIB CHIQISH

Ish bajarilgan tashkilot tomonidan dissertatsiya dastlabki ekspertizadan o‘tkazilgandan so‘ng, belgilangan ro‘yxatdagi hujjatlar mukammal bo‘lganda kengash dissertatsiyani dastlabki ko‘rib chiqishga qabul qilib oladi hamda dissertatsiyani yakuniy dastlabki ekspertiza qilish uchun kengash qoshidagi ilmiy seminarga yuboradi.
Kengashda dissertatsiyani dastlabki ko‘rib chiqish muddati talabgor hujjat topshirgan kundan boshlab ikki oydan oshmasligi kerak.
Kengash qoshidagi ilmiy seminar (keyingi o‘rinlarda – seminar deb yuritiladi) dissertatsiya ishlariga OAK Nizomlari talablari va dissertatsiya ishlarini baholash mezonlari asosida xolisona xulosa berish va kengashga dissertatsiyani himoyaga qabul qilish yuzasidan asosli tavsiyalar berish,tegishli me’yoriy hujjatlar talablarining talabgorlar tomonidan bajarilganligini baholash, tegishli hujjatlarning mavjud me’yoriy-texnik talablar asosida rasmiylashtirilganligiga xulosa berish uchun mas’uldir. Seminar kengash va OAK ekspert kengashi nazorati ostida faoliyat ko‘rsatadi.
Seminarning raisi, rais o‘rinbosari va ilmiy kotibi bilan birga kamida 15 kishidan iborat bo‘lgan tarkibi OAK bilan kelishilgan holda, kengash raisi tomonidan bir yilgacha muddatga tasdiqlanadi. Uning tarkibiga kengash a’zolari, OAK ekspert kengashlari a’zolari, shu muassasada va boshqa muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassis-olimlar kiritiladi. Kengash raisi OAK bilan kelishilgan holda seminarning tarkibiga belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritishi mumkin.
Seminar rahbariyati dissertatsiya ishini kengash raisi (o‘rinbosari)ning yo‘llanmasi asosida kengash ilmiy kotibidan qabul qilib oladi, ro‘yxatga oladi, seminar a’zolaridan yoki boshqa mutaxassis-olimlardan ikki nafar taqrizchini tayinlaydi.
Taqrizchilar OAK Nizomlari va tegishli me’yoriy hujjatlari talablari asosida dissertatsiya bilan tanishib chiqib, o‘n besh kungacha bo‘lgan muddatda asosli taqrizlarini seminar ilmiy kotibiga taqdim etadilar.

Seminar ilmiy kotibi talabgorni taqrizlar bilan seminar majlisidan ikki kun oldin tanishtirishi shart.

Seminar ishi majlis shaklida tashkil etiladi. Seminar majlisining kun tartibi seminar a’zolariga majlisdan kamida besh kun oldin seminar ilmiy kotibi tomonidan tarqatiladi va jamoatchilikka e’lon qilinadi.
Seminar majlisida uning a’zosi bo‘lmagan mutaxassislar ham qatnashishlari mumkin.

Seminar majlisi uning tarkibidagi a’zolarining uchdan ikki qismi qatnashgandagina vakolatli hisoblanadi.

Seminar majlisi rais, u yo‘qligida esa rais o‘rinbosari rahbarligida o‘tkaziladi.

Seminar ilmiy kotibi yo‘qligida, uning vazifasini bajarish seminar raisi tomonidan seminar a’zolaridan birining zimmasiga yuklatiladi.

Bir vaqtning o‘zida rais, rais o‘rinbosari va ilmiy kotib xam bo‘lmasa, seminar majlisi o‘tkazilmaydi.

Seminarga raislik qiluvchi majlisni ochish paytida qayd etish varaqasi asosida seminar a’zolarini majlisning vakolatliligi haqida xabardor qiladi, talabgorning ismi-sharifi va dissertatsiya nomini ma’lum qiladi.
Seminar ilmiy kotibi talabgor haqida qisqacha ma’lumot beradi.

Dissertatsiyaning mohiyatini va asosiy holatlarini bayon etish uchun so‘z talabgorga beriladi. Ma’ruza tugagach, savol-javoblardan so‘ng, so‘z taqrizchilarga beriladi. Ob’yektiv sabablar bilan taqrizchilardan biri kela olmasa, uning taqrizi seminar majlisida seminar ilmiy kotibi tomonidan to‘liq o‘qib eshittiriladi. Taqrizchilarning ikkalasi ham bo‘lmasa, seminar majlisi o‘tkazilmaydi.

Taqrizchilardan so‘ng, ularga javob qaytarish uchun so‘z talabgorga beriladi.

Dissertatsiya ishi bo‘yicha muhokamada barcha majlis ishtirokchilari qatnashishlari mumkin.

Seminar raisi mazkur dissertatsiya bo‘yicha tushgan takliflarni navbatiga qarab ochiq ovozga qo‘yadi.

Seminar qarori majlisda qatnashayotgan seminar a’zolarining kamida uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bergan taqdirda, qabul qilingan deb hisoblanadi. Seminar qarorlari ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi. Ovoz berish natijalari seminar bayonnomasida ko‘rsatilishi shart.

Seminar dissertatsiyani himoyaga qabul qilish yoki qayta ishlash haqida xulosa qabul qilishi lozim. Seminarning kengashga dissertatsiyani himoyaga qabul qilish haqidagi xulosasi shartli ravishda bo‘lmasligi kerak.

Seminar majlisining bayonnomasi seminar majlisiga raislik qiluvchi va ilmiy kotib tomonidan imzolanadi hamda kengash faoliyat ko‘rsatib turgan tashkilotning gerbli muhri bilan imzolar muhrlanadi. Seminar bayonnomasiga majlisda qatnashgan a’zolari va taklif etilgan shaxslarning qayd varaqasi nusxasi ilova qilinadi.
Seminar majlisi bayonnomasida dissertatsiya himoyasini o‘tkazish uchun asos bo‘lgan ixtisoslikka uning muvofiqligi, dissertatsiyaning ilmiy saviyasi, uning ilmiy va amaliy qimmati, olingan natijalarning asoslanganligi, nashr ishlarida dissertatsiya natijalari qanchalik to‘liq bayon etilgani, ilmiy natijalarning amaliyotga joriy etilishi, ilmiy daraja talabgorlariga qo‘yiladigan talablarning bajarilishi, dissertatsiya va avtoreferatni rasmiylashtirish qoidalari qanchalik bajarilganligiga xulosa beriladi hamda kengashga dissertatsiyani himoyaga qabul qilish, rasmiy opponentlar va yetakchi tashkilotni tayinlash bo‘yicha tavsiya beriladi.

Seminar bayonnomasi talabgorga va kengash raisiga seminar raisi yoki ilmiy kotibi topshiradi.

Seminarda dissertatsiya muhokamasini o‘tkazish ishlari bir oygacha bo‘lgan muddatda amalga oshirilishi shart.

Seminar faoliyati yuqorida keltirilgan tartib asosida o‘tkazilmagan yoki seminarda dissertatsiyaga ob’yektiv baho berilmagan taqdirda, OAK kengashga seminar faoliyatini to‘xtatish va belgilangan tartibda uni qayta tashkil etish to‘g‘risida taklif beradi.
Seminar raisi yil oxirida seminar faoliyati haqidagi hisobotni kengash raisiga taqdim etadi. Hisobot umumiy ko‘rinishda yozilib, unda seminarga topshirilgan va ko‘rib chiqilgan ishlar yuzasidan aniq ma’lumotlar keltirilishi kerak. Kengash seminar hisobotini o‘z majlisida muhokama qiladi. Kengash o‘zining yillik hisoboti bilan birga seminar hisobotini OAKga taqdim etadi.

VIII. DISSERTATSIYA ISHINING HIMOYASINI TASHKIL ETISH

Kengashga dissertatsiya ishi bo‘yicha seminarning ijobiy xulosasi taqdim etilgan kundan e’tiboran kengash bir oydan kechiktirmay dissertatsiyani himoyaga qabul qilib oladi.
Kengash dissertatsiyani himoyaga qabul qilish haqidagi qaroridan so‘ng, uning avtoreferati chop etilishidan avval o‘rnatilgan tartibda ushbu himoya haqida OAK veb-saytida e’lon berish uchun tegishli hujjatlarni va talabgor tomonidan imzolangan avtoreferatni OAKga taqdim etadi.
Kengash raisining ruxsati bilan dissertatsiyaning qo‘lyozma huquqidagi avtoreferati xalqaro ekspertizadan o‘tkazish va ilmiy yutuqlarni targ‘ib qilish maqsadida o‘zbek, rus va ingliz tillarida 4,5 bosma taboq hajmda (o‘zbek, rus va ingliz tillarida xar biri bir yarim bosma taboq hajmda) chop etiladi. Bunda tarjimaning aniqligi va to‘g‘riligiga ilmiy maslahatchi, talabgor, ish bajarilgan tashkilot va kengash mas’uldirlar.
Gumanitar va ijtimoiy fanlar sohasidagi dissertatsiya avtoreferatining hajmi, ko‘pi bilan, 30 foizga oshirilishi mumkin.

Avtoreferatda dissertatsiyaning asosiy g‘oyasi va xulosalari, yangi ilmiy yo‘nalish yoki iqtisodiyot tarmog‘i muammosi yechimi bayon qilingan, o‘tkazilgan tadqiqotga muallif qo‘shgan hissa, tadqiqot natijalarining qay darajada yangiligi va amaliy ahamiyati ko‘rsatilishi kerak.

Dissertatsiya avtoreferati bosmaxonada yoki ko‘paytirgich uskunalarda kengash belgilagan 50 nusxadan kam bo‘lmagan miqdordagi nusxada bosiladi.

Avtoreferat dissertatsiya himoyasidan kamida bir oy avval yuboriladi.

Avtoreferat tarqatilishi shart bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxatini OAK tuzadi.

Avtoreferat yuborilishi kerak bo‘lgan tashkilotlar va olim-mutaxassislarning qo‘shimcha ro‘yxatini dissertatsiyani himoyaga qabul qilib olgan kengash belgilaydi. Ushbu ro‘yxatga kengash a’zolari, fan tarmoqlari bo‘yicha ilmiy-muvofiqlashtiruvchi markazlar, manfaatdor tashkilotlar, dissertatsiya ixtisosligiga mos kengashlar hamda yetakchi olim-mutaxassislar kiritiladi.

Dissertatsiyaning bir nusxasi va avtoreferatning ikki nusxasi dissertatsiyani himoya uchun qabul qilib olgan kengash huzurida tuzilgan tashkilotning Axborot-resurs markaziga himoyadan kamida bir oy avval topshiriladi, bu yerda u qo‘lyozma huquqida doim saqlanadi.
Kengash dissertatsiya bo‘yicha fanning shu sohasidan xabardor olimlardan rasmiy opponentlar tayinlaydi.
Dissertatsiya bo‘yicha fan doktorlari yoki ushbu fan sohasi bo‘yicha professorlardan uchta rasmiy opponent tayinlanadi, bunda ulardan ikkitasi himoya o‘tayotgan kengashning a’zosi bo‘lishi mumkin.

Rasmiy opponentlar turli tashkilotlarning xodimlari bo‘lishi lozim.

Zarur hollarda rasmiy opponentlarni OAK tayinlashi mumkin.

OAK Rayosati a’zolari, OAK apparati xodimlari, OAK ekspert kengashlarining rahbarlari va a’zolari, dissertatsiya ko‘rib chiqilayotgan kengash raisi, rais o‘rinbosari va ilmiy kotibi, talabgorning ilmiy maslahatchisi, e’lon qilingan ishlar bo‘yicha talabgorning hammualliflari, dissertatsiya ishi bajarilgan yoki huzurida kengash faoliyat ko‘rsatayotgan yohud ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha talabgor buyurtmachi yoki ijrochi (sherik ijrochi) bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining rektorlari va prorektorlari, ilmiy tashkilotlarning rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, shuningdek talabgor ishlayotgan kafedra, laboratoriya, sektor, bo‘lim xodimlari rasmiy opponent bo‘la olmaydilar.
Rasmiy opponent dissertatsiyani va dissertatsiya mavzusi bo‘yicha e’lon qilingan bosma ishlarni o‘rganib chiqib, kengashga o‘z fikrini taqdim etadi. Unda tanlangan mavzuning dolzarbligi, dissertatsiyada keltirilgan ilmiy tafsilot, asosiy natijalar, xulosa va amaliy hamda nazariy tavsiyalar nechog‘lik asoslanganligi, to‘g‘riligi va yangiligi aniqlab beriladi hamda dissertatsiyaning ushbu Nizom talablariga qanchalik muvofiqligi to‘g‘risida xulosa keltiriladi.
Rasmiy opponentlar o‘z taqrizlari nusxasini talabgorga dissertatsiya himoyasidan kamida o‘n kun oldin topshirishlari kerak.

Rasmiy opponent o‘zi tayyorlagan taqrizning xolisona va sifatli bo‘lishiga hamda kengash belgilagan muddatda taqdim etishga mas’uldir.

Kengash rasmiy opponent taqrizi talabga javob bermagan taqdirda qayta ishlash uchun qaytarib berishga yoki rasmiy opponentni almashtirishga haqli. Bunday hollarda himoya boshqa kunga koldiriladi.

Kengash dissertatsiya yuzasidan tegishli fan sohalari yoki iqtisodiyot tarmoqlarida o‘z yutuqlari bilan tanilgan tashkilotlarni (korxonalarni) yetakchi tashkilot sifatida tayinlaydi.
Kengash yetakchi tashkilotlar ro‘yxatini tasdiqlash uchun OAKga taqdim etadi.

Dissertatsiya ishi bajarilgan yoki ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha talabgor buyurtmachi, ijrochi (sherik ijrochi) bo‘lgan tashkilotlar, talabgor ishlayotgan muassasa, rasmiy opponentlarning, ilmiy maslahatchining asosiy ish joyi bo‘lgan muassasa yetakchi tashkilot bo‘la olmaydi.

Yetakchi tashkilotning taqrizida dissertatsiya muallifi erishgan natijalarning fan va ishlab chiqarish uchun ahamiyati aks ettirilishi, shuningdek, dissertatsiya natijalari va xulosalaridan foydalanishga doir aniq tavsiyalar bo‘lishi kerak.

Yetakchi tashkilot taqrizi ilmiy seminar bayonnomasidan kengaytirilgan batafsil ko‘chirma shaklida yozilib, seminar raisi va ilmiy kotibi tomonidan imzolanadi hamda uni ana shu tashkilot rahbari yoki rahbar o‘rinbosari tasdiqlaydi. Ular taqrizning sifati va xolisligi uchun shaxsan mas’uldirlar.

Yetakchi tashkilot taqrizining nusxasi talabgorga dissertatsiya himoyasidan kamida o‘n kun avval topshiriladi.

Taqriz talabga javob bermagan taqdirda kengash uni yetakchi tashkilotga qaytarish yoki yetakchi tashkilotni boshqasi bilan almashtirishga haqli. Bunday hollarda himoya boshqa kunga koldiriladi.

Kengash, zarur hollarda, xorijiy mamlakatlarning tegishli oliy ta’lim, ilmiy va ilmiy-ishlab chiqarish muassasalarini, taniqli olim-mutaxassislarini yetakchi tashkilot, dissertatsiya himoyasi yuzasidan opponent etib tayinlashi mumkin.
Dissertatsiya ishi bo‘yicha salbiy taqrizlar berilgan hollarda, olingan salbiy taqriz va xulosalar kengashning ekspert komissiyasi tomonidan asosli emas deb topilgan taqdirdagina, kengash talabgorning hohishiga ko‘ra dissertatsiyani himoyaga qabul qilish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.
DISSERTATSIYANI HIMOYA QILISH
Dissertatsiyani ilmiy jamoatchilik oldida himoya qilish ilmiy bahs tusini olishi va yuksak talabchanlik, qat’iylik hamda ilmiy axloq-odobga rioya etish vaziyatida o‘tishi, unda dissertatsiyadagi barcha ilmiy va amaliy xulosa hamda tavsiyalarning nechog‘lik to‘g‘riligi va asoslanganligi sinchiklab tahlil qilinishi lozim.
Dissertatsiyaga ijobiy taqriz bergan rasmiy opponentlardan faqat bittasi uzrli sabab bilan ishtirok eta olmagan taqdirda dissertatsiya himoyasiga ruxsat beriladi. Bunday hollarda ushbu opponentning taqrizi kengash majlisida to‘liq o‘qib eshittiriladi.
Dissertatsiya himoyasi tugaganidan so‘ng kengash ilmiy daraja berish to‘g‘risidagi masalani yashirin ovoz berish yo‘li bilan hal etadi.
Dissertatsiya himoyasi bo‘yicha kengash majlisini o‘tkazish, shu jumladan yashirin ovoz berish tartibi hamda hisob komissiyasining ishi “Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risidagi Nizom”da belgilanadi.

ATTESTATSIYA ISHINI OAKga TAQDIM ETISH
Kengash dissertatsiyaning birinchi nusxasini hamda talabgorning attestatsiyasiga oid hujjatlarni himoyadan keyin bir oy muddat ichida OAKga yuboradi.
Shuningdek, dissertatsiya, avtoreferat hamda tegishli attestatsiya hujjatlarining elektron versiyalari o‘rnatilgan tartibda talabgorning attestatsiya ishi bilan birga OAKga topshiriladi.

Talabgorning attestatsiyasiga oid hujjatlarning ikkinchi nusxasi tashkilot arxivida o‘n yil saqlanadi. Talabgorning attestatsiya hujjatlarini rasmiylashtirish OAK belgilagan tartibda amalga oshiriladi.
DISSERTATSIYANI QAYTA HIMOYA QILISH
Dissertatsiya himoyasi natijalari bo‘yicha kengash salbiy qarorga kelgan taqdirda, oliy ma’lumot haqidagi diplom nusxasi, malakaviy imtihonlarni topshirganlik haqidagi guvohnomalar, ob’yektiv-ma’lumotnoma, dissertatsiya bajarilgan yoki talabgor biriktirilgan tashkilotning xulosasi, ilmiy ishlarning nusxalari va dissertatsiya talabgorga qaytarib beriladi. Bunday hollarda dissertatsiya Axborot-resurs markazi fondidan olib qo‘yiladi va tashkilot arxiviga yuborilib, u yerda 10 yil davomida saqlanadi.
Dissertatsiyaga berilgan taqrizlar, avtoreferat, majlis stenogrammasi hamda ovoz berish natijasi to‘g‘risidagi qaror kengashda qoladi va takroriy himoya o‘tadigan joyga talabnoma asosida yuborilishi mumkin.

Kengash o‘zining salbiy qarori haqida himoya kunidan boshlab, bir oy muddat ichida OAKga xabar qiladi. Ayni vaqtda OAKga avtoreferat va kengash majlisining stenogrammasi ham yuboriladi.

Himoya natijalari yuzasidan kengash qarori salbiy bo‘lganda, dissertatsiya qaror chiqarilganidan kamida bir yil o‘tgach, qayta ishlangan holda takroriy himoyaga taqdim etilishi mumkin.
Salbiy qarorni OAK Rayosati chiqargan bo‘lsa ham dissertatsiyani xuddi shu shartlar bilan takroriy himoyaga taqdim etilishi mumkin.

Takroriy himoya uchun OAK ruxsati bo‘lishi shart emas. Takroriy himoyada ilgarigi opponentlar, yetakchi tashkilot butunlay almashtiriladi.

Talabgor o‘z dissertatsiyasini ko‘rib chiqish jarayonining har kanday bosqichida, kengashda – yashirin ovoz berishdan avval, OAKda esa – fan doktori ilmiy darajasini berish haqidagi yechim yoxud qaror qabul qilinishidan oldin uni muhokamadan olishga haqli, o‘zga materiallardan ularning muallifi va manbaini ko‘rsatmasdan foydalanganligini kengash yoki OAK aniqlagan hollar bundan mustasno. Talabgorning yozma arizasiga ko‘ra muhokamadan olingan dissertatsiya umumiy asoslarda takroran himoyaga taqdim etilishi mumkin.
Talabgorning yozma arizasiga binoan kengash yoki OAKning dissertatsiyani muhokamadan olish to‘g‘risidagi qarori uzil-kesil hisoblanadi.

Talabgor o‘z dissertatsiyasini muhokama qilmaslikni so‘rab kengashga yozma ariza topshirgan taqdirda, kengash raisi talabgorga u topshirgan hujjatlarni qaytarishga ko‘rsatma beradi, uning arizasi hamda dissertatsiya bilan avtoreferatning bittadan nusxasi kengashda qoldiriladi. Dissertatsiyani himoya qilish paytida tayyorlangan hujjatlar kengashda qoldiriladi va ular himoya qayta o‘tadigan joyga talabnoma asosida yuborilishi mumkin.
Dissertatsiya ishini ko‘rilish jarayonining har qanday bosqichida talabgorning o‘zga materiallardan muallifi va manbaini ko‘rsatmasdan foydalanganligi aniqlansa, uni qayta himoya qilish huquqidan mahrum etgan holdadissertatsiyani muhokamadan olib tashlash haqida qarorga kelinadi.
XII. OAKda DISSERTATSIYANI KO‘RIB CHIQISH

Dissertatsiyaning ilmiy saviyasini, uning ilmiy va amaliy qimmatini, kengashlar ishini nazorat qilib borishni OAK Ilmiy ekspertiza bo‘limi ekspert kengashlari bilan birgalikda ta’minlaydi. Ilmiy ekspertiza bo‘limi va ekspert kengashi attestatsiya va dissertatsiya ishi yuzasidan o‘z xulosalarining sifati va xolisligi uchun mas’uldir.
OAK Rahbariyati attestatsiyadan o‘tkazish va OAK Rayosatiga tavsiyalarni tayyorlashda yagona talablarni amalga oshirishni ta’minlaydi.

Agar kengash himoya o‘tkazishda OAK Nizomlari talablarini va o‘rnatilgan tartib-qoidani buzgan bo‘lsa, OAK Rahbariyati OAK Me’yoriy (protsedura) komissiyasining qaroriga asosan attestatsiya ishi ko‘rilishini to‘xtatadi va kengash mazkur ish himoyasini qayta o‘tkazadi.
Agar OAK Rayosati attestatsiya ishi bo‘yicha ekspert kengashi qarorini asosli deb topmasa, masalani qayta ko‘rib chiqish uchun ekspert kengashiga qaytaradi.
Ekspert kengashining ish tartibi “Ekspert kengashi to‘g‘risidagi Nizom” bilan belgilanadi.

Fan doktori ilmiy darajasini berish yuzasidan attestatsiya ishini OAKda ko‘rib chiqish muddati uch oydan oshmasligi kerak.
Attestatsiya ishini ekspertizadan o‘tkazish uzoqroq muddat talab etadigan alohida hollarda ana shu muddatni uzaytirish masalasini OAK Rayosati hal qiladi.

Dissertatsiya himoyaga qabul qilinganidan keyin, dissertatsiyada aniqlangan noaniqliklarni, xatolarni tuzatish mumkin emas. Attestatsiya ishining OAKda ko‘rilishi jarayonida attestatsiya ishida aniqlangan xatolar, kamchiliklar tuzatilishiga ruxsat berilmaydi.
Ilmiy daraja berilgan talabgorning dissertatsiyasi avtoreferati, dissertatsiyasi va ularning elektron versiyalari belgilangan tartibda Respublika kutubxona fondiga topshiriladi va u yerda doim saqlanadi.
XIII. ILMIY DARAJALAR HAQIDAGI HUJJATLARNI

NOSTRIFIKATSIYA QILISH

Xorijiy davlatlar attestatsiya organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab va ishlab turgan chet el fuqarolariga berilgan ilmiy darajalar haqidagi hujjatlar (fan doktori diplomi) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida Nizom” asosida OAK tomonidan nostrifikatsiyalanadi (qayta attestatsiyadan o‘tkazish asosida tenglashtiriladi).
Ilmiy darajalar haqidagi hujjatlar (fan doktori diplomi) talabgor ishlab turgan tashkilotning murojaatnomasi yoki talabgorning arizasiga binoan nostrifikatsiya qilinadi. Bunda OAK belgilagan ro‘yxatdagi hujjatlar taqdim etilishi shart.
XIV. DIPLOMLARNI RASMIYLASHTIRISH VA BERISH

OAK Rayosatining ilmiy daraja berish haqidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ilmiy daraja diplomi ilmiy daraja berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan paytdan boshlab bir oy muddat davomida OAK Rayosati qarori asosida rasmiylashtiriladi.

Fan doktori yoki nomzodi diplomini yo‘qotgan shaxsga yangi tartib raqami quyilgan dublikat ilgari berilgan diplomga batamom muvofiq ravishda beriladi.
Talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgargan taqdirda diplom yangisi bilan almashtirilmaydi.

Diplomni, shuningdek, uning dublikatini rasmiylashtirish va berish tartibini OAK belgilaydi.
ILMIY DARAJADAN MAHRUM ETISH

Yetarlicha asos bo‘lgan xollarda ilmiy darajaga ega bo‘lgan shaxslarni kengashning xulosasiga va OAK ekspert kengashi qaroriga asosan OAK Rayosati ilmiy darajadan mahrum etishi mumkin.
Ilmiy daraja berish to‘g‘risidagi qaror o‘n yil avval qabul qilingan bo‘lsa, uning nechog‘lik asoslanganligi masalasini attestatsiya organlari ko‘rib chiqmaydi.

Kengashda ilmiy darajadan mahrum etish haqidagi masalani ko‘rib chiqish tartibi “Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risidagi Nizom”da belgilanadi.
Kengashning ilmiy darajadan mahrum etish haqidagi xulosasini OAK ekspert kengashi ko‘rib chiqadi.

Ekspert kengashda ilmiy darajadan mahrum etish haqidagi masalani ko‘rib chiqish tartibi “Ekspert kengashi to‘g‘risidagi Nizom”da belgilanadi.

Ilmiy darajadan mahrum etish haqidagi ekspert kengashining qarorini OAK Rayosati ko‘rib chiqadi va yakuniy qaror qabul qiladi.

Ilmiy darajadan mahrum etish masalasi yuzasidan OAK Rayosatining qarori uzil-kesil hisoblanadi.

XVI. APELLYATSIYALAR (SHIKOYAT ARIZALARI)NI KO‘RIB CHIQISH

Apellyatsiya faqat me’yoriy tartib-qoidalar, OAK Nizomlari talablari buzilgan deb hisoblangan taqdirdagina berilishi mumkin. Dissertatsiya ishining mohiyati bo‘yicha taqrizlar, xulosalar, kengashning yoki OAK Rayosatining qarorlari yuzasidan apellyatsiya qabul qilinmaydi.
Kengashda dissertatsiya ishlarini ko‘rib chiqilishi yuzasidan muassasalar, tashkilotlar, talabgorlar va boshqa shaxslar dissertatsiya himoya qilingan kengashga va OAKga apellyatsiya (shikoyat arizasi) berishi mumkin.
Ilmiy darajalar berish (undan mahrum etish) yoki xorijiy davlatlar attestatsiya organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab va ishlab turgan chet el fuqarolariga berilgan ilmiy darajalar haqidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish (ekvivalentligini qayd etish) masalalarini OAKda ko‘rib chiqilishi yuzasidan muassasalar, tashkilotlar, talabgorlar va boshqa shaxslar OAKga apellyatsiya (shikoyat arizasi) berishi mumkin.

Apellyatsiya tegishli qaror chiqarilgan kundan e’tiboran ikki oy muddat mobaynida beriladi.

Apellyatsiyani ko‘rib chiqish muddati apellyatsiya berilgan kundan e’tiboran ikki oydan oshmasligi kerak. Uzrli sabablar bo‘lganda, istisno tariqasida, apellyatsiyani ko‘rib chiqish muddati bir oyga OAK Rahbariyati tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Ilmiy darajalar berish (undan mahrum etish) masalasiga oid OAKga berilgan apellyatsiyani OAK Me’yoriy (protsedura) komissiyasi ko‘rib chiqadi.
Kengashda apellyatsiyani ko‘rib chiqish tartibi “Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risidagi Nizom”da belgilanadi. Kengashning apellyatsiya bo‘yicha xulosasini OAK Me’yoriy komissiyasi ko‘rib chiqadi.
OAK Raisi yoki Bosh ilmiy kotibi Me’yoriy komissiya ishini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi.
Me’yoriy komissiya kotibi etib OAK mas’ul xodimi tayinlanadi. Me’yoriy komissiya kotibi majlis bayonnomasini olib boradi, komissiya xulosasini rasmiylashtiradi va ularni Me’yoriy komissiya raisi va kotibi imzolaydi.

Me’yoriy komissiyaning shaxsiy va miqdoriy tarkibi OAK Raisi buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Me’yoriy komissiya quyidagi huquqlarga egadir:
apellyatsiya bergan shaxslardan, shuningdek, tegishli tashkilotlar, muassasalardan, fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashdan va ilmiy kengashlardan apellyatsiyani ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan material va ma’lumotlarni o‘rnatilgan tartibda so‘rab olish;

ko‘rilayotgan masala bo‘yicha ekspert kengashi, OAK Rayosati majlisi materiallaridan foydalanish;

apellyatsiyani ko‘rib chiqishda, ekspertiza qilishda kengash va OAK ekspert kengashi a’zolarini maslahatchilar sifatida jalb qilish.

Me’yoriy komissiya majlislari zaruratga qarab chaqiriladi. Me’yoriy komissiya majlisi, agar uning ishida komissiya a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
Me’yoriy komissiya xulosasi ochiq ovoz berish asosida qabul qilinadi. Agar komissiya majlisida qatnashgan a’zolarining kamida uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, komissiya xulosasi qabul qilingan deb hisoblanadi.
Xulosaning mustaqilligi va xolisligini ta’minlash hamda ekspertlarni va Me’yoriy komissiya a’zolarini muhofaza qilish maqsadida ekspertlar va Me’yoriy komissiya a’zolari haqida ma’lumotlar, shuningdek, ekspert va taqrizchilarning xulosalari, ekspert kengashi va Me’yoriy komissiya qarorlari apellyatsiya bergan va boshqa manfaatdor shaxslarga berilmaydi.

OAK Rayosati Me’yoriy komissiya xulosasini ko‘rib chiqadi va apellyatsiya bo‘yicha yakuniy qaror qabul qiladi.
Apellyatsiya bo‘yicha qabul qilingan OAK Rayosatining qarori o‘n kun muddat mobaynida apellyatsiya bergan shaxslarga taqdim qilinadi.

Apellyatsiya yuzasidan OAK Rayosatining qarori uzil-kesil hisoblanadi.
Bir masala bo‘yicha takroran apellyatsiya berishga ruxsat etilmaydi.

XVII. YAKUNIY QOIDALAR

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishda ochiqlikni va shaffoflikni ta’minlash maqsadida attestatsiya organlari faoliyatiga oid masalalar “OAK Byulleteni” jurnalida yoritib boriladi.
Ushbu Nizom bo‘yicha barcha tushuntirishlar OAK Rayosati tomonidan belgilangan tartibda beriladi.

Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risidagi nizom

Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risidagi nizom

Umumiy qoidalar

Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashni  tuzish
III.   Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash  ishini tashkil

qilish

Kengashda dissertatsiyani himoyaga qabul qilish
Dissertatsiyani himoya qilishda kengash majlisini  o‘tkazish
Yashirin ovoz berish va hisob  komissiyasining ishi
Qo‘shimcha xulosa olish uchun OAK yuborgan dissertatsiyani ko‘rib
chiqishda kengash majlisini o‘tkazish

VIII. Ilmiy darajalardan mahrum etish masalalarini ko‘rib chiqishda

kengash majlisini o‘tkazish

Apellyatsiya (shikoyat arizasi)ni ko‘rib chiqish bo‘yicha  kengash majlisini
o‘tkazish

Yakunlovchi qoida
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g‘risida»gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1997 y., 9-son, 225-modda) va «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi to‘g‘risida»gi Qonunlariga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1997 y., 11-12-son, 295-modda) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi PF-4456-son  «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoniga (O‘zbekiston  Respublikasi  qonun  hujjatlari  to‘plami,  2012 y.,  30-son, 346-modda), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 9 sentyabrdagi 421-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1992 y., 9-son, 28-modda) muvofiq fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashni tuzish va uning ishini tashkil qilish, dissertatsiyalarni qabul qilish va himoyalarini o‘tkazish tartibini belgilaydi.

Umumiy qoidalar
Mazkur fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risidagi Nizomda quyidagi qisqartma va  asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
OAK – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi;

talabgor – ilmiy daraja olish uchun ilmiy izlanishlar olib borayotgan shaxs;

attestatsiya – oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog  kadrlarni tayyorlash jarayoni bosqichlarida tegishli chora-tadbirlarni o‘tkazish, ya’ni tashkilotlarda malakaviy imtixonlarni qabul qilish, ilmiy seminarlarda dissertatsiya ishini aprobatsiyadan o‘tkazish, fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashda dissertatsiya himoyasini o‘tkazish va OAKda dissertatsiyani ekspertiza qilish asosida talabgorlarning ilmiy saviyasini hamda dissertatsiya natijalarining yangiligini va sifatini baholash;

attestatsiya  ishi – talabgorning  attestatsiyasiga oid hujjatlar to‘plami;

dissertatsiya ishi – talabgorning e’lon qilgan ilmiy ishlari asosida tayyorlangan qo‘lyozma shaklidagi ilmiy asar;

dissertatsiya avtoreferati – dissertatsiyaning asosiy g‘oyasi va xulosalari, o‘tkazilgan tadqiqotlarga muallif qo‘shgan hissasi, tadqiqot natijalarining qay darajada yangiligi va amaliy ahamiyati hamda tatbiqi bayon qilingan qo‘lyozma;

ekspertiza – dissertatsiya ilmiy natijalarini nechog‘lik to‘g‘riligi va yangiligini, dissertatsiyaning nazariya va amaliyot uchun ahamiyatini, dissertatsiya ishlarini baholash mezonlariga mos kelishini hamda OAK Nizomlari talablariga muvofiqligini baholash;

dastlabki ko‘rib chiqish (dastlabki ekspertiza) – dissertatsiya ishining himoyadan oldin o‘tkaziladigan ekspertizasi;

fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash – fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoyasi o‘tkaziladigan  kengash;

fan doktori ilmiy darajasini beruvchi bir martalik ilmiy kengash – fan doktori ilmiy darajasini olish uchun har bir dissertatsiya himoyasi uchun alohida tuziladigan  kengash;

fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar – dissertatsiyani yakuniy va mukammal dastlabki ekspertizadan o‘tkazadigan  seminar;

dissertatsiya himoyasi – tadqiqot natijalarining ilmiy yangiligi, xulosalari      va tavsiyalarining nechog‘lik to‘g‘riligi va asoslanganligi, dissertatsiyaning nazariya        va amaliyot uchun ahamiyati, muallifning fanga qo‘shgan hissasi bo‘yicha ilmiy jamoatchilik oldidagi muhokama;

jamoaviy taqriz – fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashga OAK tomonidan yuborilgan dissertatsiyani ko‘rib chiqish yuzasidan qo‘shimcha xulosa;

apellyatsiya – qabul qilingan qaror yuzasidan yozilgan shikoyat arizasi.

Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash (keyingi o‘rinlarda – kengash deb yuritiladi) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimining asosiy bo‘g‘inidir.
Kengash dissertatsiyalar ekspertizasi sifati va xolisligiga, qabul qilgan qarorlarini asoslanganligiga, shuningdek, ilmiy kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishda yuksak talabchanlik, qat’iylikni ta’minlashga mas’uldir.
Talabgorlarning dissertatsiyalari himoyalari bo‘yicha hujjatlarni va attestatsiya ishlarini rasmiylashtirish, shuningdek, dissertatsiyalarni ko‘rib chiqish va himoya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni to‘lash kengash faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotga yuklatiladi. Ushbu xarajatlarni talabgorlar hisobidan qoplanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
KENGASHNI  TUZISH
Kengash fundamental va amaliy fanning tegishli sohalarida tan olingan yutuqlarga va ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etishning yuqori darajasiga erishgan, tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy salohiyati (kamida ikkita fan doktori) yetarli bo‘lgan, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning sifatli tarkibiga ega bo‘lgan, shuningdek, tegishli fan sohalari bo‘yicha davlat va xalqaro grantlarida, ilmiy loyihalarni (xo‘jalik shartnomalari asosidagi ilmiy-tadqiqot loyihalari va b.) ishlab chiqishda qatnashayotgan, hamda havola qilinayotgan, shu jumladan, xorijda nashr qilingan ilmiy ishlari mavjud bo‘lgan xodimlarga, tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha doimiy ishlab turgan ilmiy seminarlarga, respublika va xalqaro miqyosdagi konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil qilish va o‘tkazish tajribasiga ega bo‘lgan  oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi yetakchi oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari huzurida mazkur muassasalar bo‘ysunuvchi vazirliklar, idoralar, Fanlar akademiyasining  iltimosnomalariga binoan OAK tomonidan tuziladi.
Iltimosnomada oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari huzurida kengash tuzishning zarurligi va uni tashkil etishning maqsadga muvofiqligi asoslab berilishi hamda kengash faoliyatini moliyalashtirish bo‘yicha majburiyati bo‘lishi shart.

Iltimosnomaga kengash tarkibiga kiruvchi    a’zolar to‘g‘risidagi ma’lumot, ob’yektiv-ma’lumotnoma hamda ularning yozma roziligi va oxirgi uch yil davomidagi ilmiy ishlari ro‘yxati ilova qilinadi.

Vazirliklar, idoralar, Fanlar akademiyasining iltimosnomalari asosida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkilotlararo kengash  tuzish mumkin. Tashkilotlararo kengash rahbariyati va tarkibi, tegishli iltimosnomalar e’tiborga olingan holda, OAK tomonidan tasdiqlanadi.
Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilish bo‘yicha kengash tarkibiga faqat fan doktorlari kiradi. Istisno tariqasida kengash ilmiy kotibligiga fan nomzodi ham tayinlanishi mumkin.
Kengash dissertatsiyalarni  ko‘pi bilan to‘rtta ixtisoslik yoki fan sohasi bo‘yicha himoyaga qabul qilishi mumkin.
Kengash a’zolarining miqdoriy tarkibi eng kami o‘n bir nafar bo‘lishi lozim.

Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilish bo‘yicha kengash tarkibida kengashdagi har bir ixtisoslikning tegishli sohasi bo‘yicha kamida besh  nafar fan doktori bo‘lishi kerak.
Kengash tarkibiga kengashga berilgan ixtisosliklar muammolariga yaqin mutaxassislar ham kiritilishi mumkin.

Kengash tarkibiga oxirgi uch yil davomida  kamida beshta ilmiy ishlar (ilmiy maqolalar, monografiyalar, patentlar) nashr ettirgan mutaxassislar  kiritiladi.

Bir mutaxassis kengash tarkibiga  faqat bitta fan sohasining bitta ixtisosligi bo‘yicha kiritiladi hamda ko‘pi bilan  ikkita kengashning a’zosi bo‘lishi mumkin.

OAK Rayosati va OAK ekspert kengashlarining a’zolari kengash tarkibiga kiritilmaydilar.

Kengash a’zolari o‘z vazifalarini jamoatchilik asosida bajaradilar.

Kengash   raisi  etib kengash ixtisosligi bo‘yicha yetakchi mutaxassis-olim,  fan doktori OAK tomonidan tayinlanadi.
Kengash raisi o‘rinbosarlari etib kengash ixtisosliklari bo‘yicha yetakchi mutaxassis-olimlar,  fan doktorlari tayinlanadilar. Kengash raisi yo‘qligida uning vazifalarini rais o‘rinbosari bajaradi.

Kengash ilmiy kotibi etib kengash tuzilayotgan oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi shtatida ishlaydigan kengash ixtisosligi bo‘yicha mutaxassis tayinlanadi.

Kengash   tarkibi   keyinchalik   xar   yilda  mikdoriy   tarkibining  kamida 15 foizini yangilash sharti bilan uch yil muddatga tasdiqlanadi. Kengash tarkibida uzluksiz ishlashning umumiy muhlati ikki muddatdan oshmasligi shart. Kengash raisi, rais o‘rinbosari va ilmiy kotibi vazifalarini bajarish muddati uch yildan oshmasligi kerak.
OAK vazirliklar, idoralar, Fanlar akademiyasi, tarmoqlararo ilmiy-texnikaviy majmualar va tarmoqlararo davlat birlashmalarining iltimosnomasiga, OAK ekspert kengashining tavsiyasiga binoan kengash ixtisosliklari ro‘yxatini o‘zgartirishi va kengash raisini almashtirishi mumkin. Kengash tuzilgan oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi rahbarining yoki kengash raisining iltimosi   asosida   OAK kengash tarkibiga boshqa juz’iy o‘zgartirishlar kiritadi. Iltimosnomada taklif etilayotgan barcha o‘zgartirishlar  aniq ko‘rsatilishi hamda ularning zarurligi asoslab  berilishi  lozim. Iltimosnomaga   yangi   kiritilayotgan  mutaxassislar haqida ma’lumot, ob’yektiv-ma’lumotnoma hamda ularning yozma roziligi va oxirgi uch yil davomidagi ilmiy ishlari ro‘yxati  ilova qilinadi.
Dissertatsiya ixtisosligi (ixtisosliklari) yoki ixtisosligiga mansub bo‘lgan fan sohasi bo‘yicha kengash bo‘lmasa, dissertatsiya ishi bajarilgan tashkilotda mazkur Nizomning 4- va 5-bandlarida belgilangan talablar bajarilgan holda yoki mavjud kengash asosida bir martalik kengash tuzilishi mumkin.
Bunday hollarda dissertatsiya ishi bajarilgan tashkilot dissertatsiyani o‘rnatilgan tartibda dastlabki ekspertizadan o‘tkazgandan so‘ng bir martalik kengash tuzishni so‘rab, dissertatsiya ixtisosligiga mos yoki yaqin keluvchi kengashga yoki OAKga murojaat qiladi.

Iltimosnomada bir martalik kengash faoliyatiga tegishli harajatlarni moliyalashtirish bo‘yicha kafolat berilishi shart.

Dissertatsiya ishi bajarilgan tashkilot kengashga murojaat qilgan taqdirda kengash o‘rnatilgan tartibda dissertatsiyani dastlabki ekspertizadan o‘tkazadi va bir martalik himoya o‘tkazish zarurligi asoslangan taqdimnoma bilan OAKga murojaat etadi. Taqdimnomaga kengash tarkibiga qo‘shimcha a’zolarni kiritish bo‘yicha takliflar va zarur ma’lumotlar,  ob’yektiv-ma’lumotnoma hamda ularning yozma roziligi va oxirgi uch yil davomidagi ilmiy ishlari ro‘yxati  ilova etilib, OAKda ko‘rib chiqish uchun dissertatsiya ishi va avtoreferat taqdim etiladi.
Dissertatsiyaning bir martalik himoyasini o‘tkazish uchun kengash tarkibiga unda bo‘lmagan ixtisoslik yoki fan sohasining har biri bo‘yicha hal qiluvchi ovoz berish huquqi bilan mazkur ixtisoslikka (yaqin ixtisoslikka) tegishli fan sohasining kamida besh nafar fan doktori kiritilishi lozim.

Dissertatsiya ishi bajarilgan tashkilot OAKga murojaat qilgan taqdirda tegishli hujjatlarni, dissertatsiya ishini va avtoreferatni OAKga taqdim etadi.
Dissertatsiya ishi bajarilgan tashkilotning yoki kengashning murojaatnomasi asosida OAK taqdim etilgan hujjatlarni va dissertatsiyani belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazadi.
Ekspertiza    natijasi    ijobiy    bo‘lgan    taqdirda   OAK   ushbu   Nizomning   7-10-bandlari talablari asosida dissertatsiya ixtisosligi (ixtisosliklari) bo‘yicha olim-mutahassislardan iborat bir martalik kengash va uning qoshidagi ilmiy seminar tarkibini tuzadi, ularni tasdiqlaydi. OAK dissertatsiya ishi bo‘yicha yetakchi tashkilotni va rasmiy opponentlarni tavsiya qilishi mumkin.

Ushbu Nizomning 9-bandi talablari asosida bir martalik kengash tuzish mumkin bo‘lmagan hollarda, uning tarkibi dissertatsiya ixtisosligi muammolariga yaqin olim-mutahassislardan tuziladi.

Dissertatsiya ishi bo‘yicha OAK ekspert kengashining xulosasi salbiy bo‘lgan taqdirda, bir martalik kengash tuzish to‘g‘risidagi iltimosnomaga rad javobi beriladi hamda dissertatsiya ishi yuzasidan ekspert kengashi tomonidan ko‘rsatilgan kamchiliklar yuboriladi. Ish bajarilgan tashkilot dissertatsiya ishi yuzasidan ko‘rsatilgan kamchiliklar talabgor tomonidan to‘la bartaraf etilgandan so‘ng ishni qayta ekspertizadan o‘tkazib, bir martalik kengash tuzish to‘g‘risida OAKga yoki mavjud kengashga qayta murojaat qilishi mumkin. Kengash tuzish to‘g‘risidagi qayta murojaat OAK ekspert kengashining salbiy qarori chiqqan vaqtdan so‘ng olti oy o‘tgach berilishi mumkin.
Bir martalik kengash dissertatsiyani dastlabki ko‘rib chiqish, himoyaga qabul qilish, himoyasini o‘tkazish ishlarini ushbu Nizomning talablari asosida amalga oshiradi.
III. KENGASH ISHINI TASHKIL  QILISH

Kengash xolislik, ochiqlik va shaffoflik sharoitida tezkorlik bilan ish olib boradi hamda faoliyatini o‘zining (tashkilotning) veb-saytida yoritib boradi. Kengash tayyorlangan dissertatsiya himoyasi uchun g‘oyat maqbul sharoit yaratilishiga ko‘maklashishi lozim. Talabgorga kengashdagi o‘z dissertatsiyasi himoyasiga oid hamma materiallar bilan tanishish, himoyaga taalluqli barcha masalalar xususida kengash rahbarlaridan malakali yordam olish imkoniyati yaratib berilishi zarur.
Kengashning  bir  majlisida  faqat bitta himoya  yoki jamoaviy    taqriz o‘tkazilishi mumkin,  kun davomida esa faqat  ikkita  majlis     o‘tkazilishi  mumkin. Kengash himoyalarni sessiya tarzida   faqat   OAK   ruxsati bilan o‘tkazishi mumkin.
Dissertatsiya himoyasini o‘tkazish navbatini rejalashtirishda kengash boshqa tashkilotlardan kelgan talabgorlarning dissertatsiyalarini qabul qilib olishni ko‘zda tutishi, shuningdek, OAK qo‘shimcha   xulosa   olish   uchun yuborgan dissertatsiyalarning birinchi navbatda ko‘rib  chiqilishi  shart ekanligiga rioya qilishi lozim.
Kengash OAK rahbarligida ishlaydi va o‘zi ishlayotgan tashkilotning   rasmiy blankasi va Davlat gerbi tasvirlangan muhridan foydalanadi.   Tashkilot rahbarlari kengash   ishiga zarur  sharoit yaratib berish uchun mas’uldir.
Kengashda OAK  talablariga javob bermaydigan, saviyasi past dissertatsiyalar ximoyalari o‘tkazilgan, kengash faoliyati davomida himoya qilingan ikkita  dissertatsiya ishiga OAK tomonidan rad javobi berilgan, himoya qilish tartibi buzilgan yoki tashkilot va muassasa rahbarlari kengashning ishlashi uchun zarur sharoitni ta’minlamagan hollarda OAK kengash faoliyatini to‘xtatib qo‘yishi yoki tugatishi mumkin.
Kengash rahbariyati  kengash faoliyati haqida OAK hamda  kengash tuzish to‘g‘risida iltimos qilgan yuqori tashkilot oldida hisobot beradi.
Kengash har yilning  31 dekabriga qadar OAKga yil davomida olib borilgan ishlar haqida hisobot beradi.

KENGASHDA DISSERTATSIYANI HIMOYAGA QABUL QILISH
Dissertatsiyani kengashda dastlabki ko‘rib chiqish tartibi hamda kengash qoshidagi ilmiy seminarning ishlash tartibi “Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”da belgilanadi.
Kengash qoshidagi ilmiy seminarning ijobiy xulosasi olinganidan  so‘ng kengash a’zolarining orasidan dissertatsiya ixtisosligi bo‘yicha uchta  mutaxassisdan iborat ekspert komissiyasi  tuziladi. Kengash ekspert komissiyasiga dissertatsiya bilan tanishib chiqish va dissertatsiya himoyasini    o‘tkazish    uchun asos bo‘lgan ixtisosliklarga uning qay darajada muvofiq kelishini, muallif e’lon qilgan ishlarda  dissertatsiya   materiallari   qanchalik   to‘liq bayon   etilgani haqida   kengashga   xulosa berishni, shuningdek, ko‘rib  chiqilayotgan   mazkur   dissertatsiya    bo‘yicha yetakchi tashkilot,  rasmiy opponentlar tayinlashni, zarur hollarda esa kengash   tarkibiga qo‘shimcha a’zolar kiritish haqida takliflar berishni topshiradi. Ekspert komissiyasiga seminar a’zosi bo‘lgan kengash a’zolari ham kiritilishi mumkin.
Kengash  dissertatsiya ishlarini ish bajarilgan tashkilot, kengash qoshidagi ilmiy seminar va kengash ekspert komissiyasining xulosalari  asosida himoyaga qabul qiladi.
Dissertatsiya ishi bajarilgan tashkilot huzurida kengash va uning seminari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, bu holda dissertatsiya ishi tegishli laboratoriya, bo‘lim, kafedra yoki kafedralararo, laboratoriyalararo birlashgan ilmiy seminarning hamda kengash qoshidagi ilmiy seminar va kengash ekspert komissiyasining xulosalari asosida himoyaga qabul qilinadi.

Kengash majlisining vakolatliligi ushbu Nizomning 35-bandi talablariga muvofiq aniqlanadi.
Kengashning dissertatsiyani himoyaga qabul qilib olish to‘g‘risidagi qarori, agar uni ochiq ovoz berish tarzida majlisda qatnashayottan kengash a’zolarining ko‘pchiligi yoqlasa, maqbul deb topiladi.

Kengash dissertatsiyani himoyaga qabul qilib olish haqida qaror qilsa, ekspert komissiyasi dissertatsiya bo‘yicha kengash xulosasining loyihasini taklif etadi.
Kengash dissertatsiyani himoyaga qabul qilish haqidagi qaroridan so‘ng yetakchi tashkilotni va rasmiy opponentlarni tasdiqlaydi hamda o‘rnatilgan tartibda ushbu himoya haqida OAK veb-saytida e’lon berish uchun tegishli hujjatlarni OAKga taqdim etadi.

Kengash raisi  himoya to‘g‘risida OAK veb-saytida e’lon  berilgandan so‘ng qo‘lyozma huquqida avtoreferatni chop etishga ruxsat beradi  va himoya kunini tayinlaydi. So‘ngra, avtoreferatning to‘la matni “PDF”-formatda kengash veb-saytiga va ”ZiyoNET” axborot-resurs portaliga joylashtiriladi hamda uning elektron varianti rivojlangan xorijiy mamlakatlarning yirik axborot-resurs muassasalariga va ilmiy tashkilotlariga yuboriladi.
Ushbu e’lon “OAK Byulleteni” jurnalida ham chop etiladi.

Himoya to‘g‘risida OAK veb-saytida   e’lon berilgandan so‘ng himoya uch oy muddat ichida o‘tkazilishi shart.Kengash tomonidan ushbu talabni bajarilishi ta’minlanmagan holda himoyani o‘tkazishga ruxsat berish masalasini OAK Rayosati hal qiladi.

Himoya o‘tkaziladigan manzilgoh, himoya kuni va soati himoyadan kamida bir oy  avval avtoreferatni OAK tasdiqlagan ro‘yxat,   kengash   tasdiqlagan qo‘shimcha ro‘yxat bo‘yicha tarqatish yo‘li bilan hamda respublika gazetalarining birida e’lon berish va kengash veb-sayti orqali ma’lum qilinadi.
Avtoreferat kengash a’zolari va OAKga kengash ilmiy kotibi tomonidan shaxsan reyestr asosida topshiriladi, rasmiy opponentlar va yetakchi tashkilotga kuzatuv xati bilan birga yetkaziladi. OAK tasdiqlagan avtoreferat tarqatilishi shart bo‘lgan tashkilotlarga hamda kengash tasdiqlagan ro‘yxat bo‘yicha boshqa oluvchilarga aloqa bo‘limi (pochta) orqali yuboriladi.

Kengash a’zolari avtoreferat va kengash faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotning kutubxonasida saqlanayotgan dissertatsiya bilan batafsil tanishib chiqishlari shart. Dissertatsiya ixtisosligi bo‘yicha kengash a’zolari kengashga avtoreferat bo‘yicha dissertatsiya ishi yuzasidan taqriz berishlari mumkin.

Tayyorlangan dissertatsiya mohiyati bo‘yicha kengash ixtisosliklariga to‘g‘ri    kelmasa, dissertatsiya asosiy natijalari to‘liq e’lon qilinmagan yoki talabgorning    e’lon qilingan ilmiy ishlariga quyilgan shartlar haqidagi “Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” talablari bajarilmagan taqdirda kengash dissertatsiyani himoyaga qabul qilmaydi. Bunday hollarda talabgorga dissertatsiyaning himoyaga qabul qilinmaganlik sabablari ko‘rsatilgan majlis bayonnomasidan ko‘chirma va  u kengashga topshirgan barcha materiallar qaytarib beriladi.
Dissertatsiya yuzasidan salbiy taqriz va xulosalar berilgan taqdirda kengash ularning xolisonaligi qay darajada asoslanganligini e’tiborga olgan holda, dissertatsiyani himoyaga qabul qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishi mumkin.

DISSERTATSIYANI HIMOYA QILISHDA
KENGASH MAJLISINI O‘TKAZISH

Dissertatsiya himoyasida kengash majlisi rais, u yo‘qligida esa rais o‘rinbosari rahbarligida o‘tkaziladi.
Kengash raisi (rais o‘rinbosari), ilmiy kotibi o‘zi maslahatchi bo‘lgan talabgorning dissertatsiyasi ko‘rib chiqilayotgan kengash majlisida raislik, ilmiy kotiblik vazifasini bajarishi mumkin emas. Agar kengash raisi va uning o‘rinbosari majlisda raislik qila olmasalar, kengash a’zosi shu majlis uchun kengash raisi etib tayinlanadi. Uning tayinlanishi shu oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

Kengashning  ilmiy kotibi   yo‘qligida yoki boshqa sababga ko‘ra, uning vazifasini bajarish  oliy  ta’lim yoki  ilmiy-tadqiqot  muassasasi  rahbarining buyrug‘i bilan muddatlari (ikki oydan oshmasligi kerak) ko‘rsatilib, kengash a’zolaridan birining zimmasiga yuklatiladi.

Bir vaqtning o‘zida rais, rais o‘rinbosari va ilmiy kotib ham bo‘lmasa, kengash majlisi o‘tkazilmaydi.

Kengash majlisi ochilishidan oldin ushbu Nizomning IV bobida belgilangan tartibga muvofiq ilgari tuzilgan ekspert komissiyasi xulosasining loyihalari kengash a’zolariga tarqatiladi.
Kengash majlisi agar uning ishida kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etsa, himoya qilinayotgan  dissertatsiyaning har bir ixtisosligi bo‘yicha kamida uchta fan doktori qatnashsagina haqiqiy hisoblanadi.
Kengash a’zolarining majlisda bevosita qatnashayotganligi (ularning kengashdagi ixtisosligi va ilmiy darajalari ko‘rsatilgan holda) majlis stenogrammasida qayd etilishi lozim.

Kengash majlisi ochilgandan keyin rais dissertatsiya himoyasi o‘tkazilishini e’lon qilib, dissertatsiya mavzusini, rasmiy opponentlarning familiyalarini va yetakchi tashkilot nomini ma’lum qiladi. Shundan keyin ilmiy kotibga so‘z beriladi, u talabgor topshirgan hujjatlarning asosiy mazmuni va ularning belgilangan talablarga qay darajada muvofiq kelishi haqida ma’lumot beradi.
Talabgor dissertatsiyaning mohiyatini va asosiy holatlarini bayon etadi, og‘zaki va yozma savollarga javob beradi. So‘ng  maslahatchiga  so‘z beriladi,   keyin ilmiy kotib tomonidan dissertatsiya ishi bajarilgan yoki talabgor biriktirilgan oliy ta’lim yoki  ilmiy-tadqiqot muassasasining va kengash qoshidagi ilmiy seminarning  xulosalari,  yetakchi tashkilotning taqrizi, dissertatsiya va avtoreferat xususida kengashga kelgan boshqa taqrizlar o‘qib eshittiriladi.
Dissertatsiya va avtoreferat to‘g‘risida ijobiy taqrizlar ko‘p bo‘lsa, ilmiy kotib, kengash a’zolarining roziligi bilan ularni o‘qib berish o‘rniga qayd etilgan fikrlarni qisqacha bayon qiladi. Salbiy taqrizlar to‘liq o‘qib eshittiriladi.

Taqrizlar o‘qib bo‘lingach, ularga javob qaytarish uchun talabgorga so‘z beriladi.

Shundan keyin rasmiy opponentlar so‘zlaydi, ularga berilgan og‘zaki va yozma savollarga javob beradi. Ulardan har birining nutqidan so‘ng talabgor javob berish uchun so‘z oladi.
Dissertatsiyaga oid ilmiy munozarada kengash a’zolari va  majlisda hozir bo‘lganlarning barchasi qatnashish huquqiga ega.

Munozara tugagach, talabgorga yakunlovchi so‘z beriladi.

Talabgorning yakunlovchi so‘zidan keyin kengash ushbu Nizomning VI bobida belgilab quyilgan tartibga muvofiq ilmiy daraja berish masalasi bo‘yicha yashirin ovoz berishga kirishadi. Ovoz berish byulleten asosida o‘tkaziladi. Majlisda  qatnashgan va hal qiluvchi ovozga ega bo‘lgan kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bersa, kengash ilmiy daraja berish masalasi yuzasidan ijobiy qaror chiqaradi.
Hisob komissiyasining bayonnomasi tasdiqlangandan keyin kengash xulosasining loyihasi muhokama qilinadi. Ilmiy daraja berish masalasida ijobiy qarorga kelinsa, kengash dissertatsiya yuzasidan xulosa qabul qiladi. Xulosa loyihasida  talabgor shaxsan erishgan eng muhim ilmiy natijalar, ularning nechog‘lik to‘g‘riligi va yangiligiga berilgan baho, dissertatsiyaning nazariya va amaliyot uchun ahamiyati, dissertatsiya tadqiqotining natijalaridan foydalanish yuzasidan tavsiyalar  aks ettiriladi hamda dissertatsiya “Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ning 13-bandi talablarining qay biriga mosligi ko‘rsatiladi. Ilmiy daraja berish masalasida salbiy qarorga kelingan taqdirda xulosa qabul qilinmaydi.
Xulosa matni ochiq ovoz berish asosida majlisda qatnashgan kengash a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

Dissertatsiya ishining natijalarini amaliyotga (fan, texnika, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiyot tarmoqlarining boshqa sohalariga) tatbiqini tasdiqlovchi hujjatlar asosida ilmiy daraja talabgori tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar muhokama qilinadi va tasdiqlanadi.
Shu bilan kengash majlisi nihoyasiga yetadi.

YASHIRIN OVOZ BERISH VA
HISOB  KOMISSIYASINING ISHI

Hisob komissiyasi (kamida uch  kishi)  yashirin  ovoz berishdan avval ochiq ovozga qo‘yish asosida kengash majlisida qatnashayotgan    va hal qiluvchi ovozga ega bo‘lgan a’zolarning ko‘pchilik ovozi bilan saylanadi.
Yashirin ovoz berishda kengashning hal qiluvchi ovozga ega a’zolaridan majlisda hozir bo‘lganlarigina qatnashadilar, ularga hisob komissiyasi talabgorning  yakunlovchi so‘zidan keyin tayyorlab  qo‘yilgan byulletenlarni qaydnoma asosida beradi.

Dissertatsiya himoyasiga kechikib kelgan yoki himoya tugamasdan ketib qolgan kengash a’zolari kvorumni aniqlashda hisobga olinmaydi va yashirin ovoz berishda qatnashmaydilar.

O‘zi a’zo bo‘lgan kengashda dissertatsiya yoqlayotgan talabgor o‘z himoyasining yakunlari bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etmaydi va ushbu majlisdagi kengash a’zolarining ro‘yxatida hisobga olinmaydi.

Ovoz beruvchi “Ovoz berish natijalari” ustunidagi o‘zi keraksiz deb hisoblagan so‘zlarni o‘chiradi va byulletenni muhrlangan qutichaga tashlaydi.

Ovoz berish tugagach, hisob komissiyasining a’zolari qutichani  ochib,     byulletenlarni  sanaydilar  va  ovoz  berish natijalari yuzasidan bayonnoma tuzadilar.
Tarqatilmagan byulletenlarga yashirin ovoz berish boshlanmasidan oldin tegishli belgi qo‘yilib, hisob komissiyasida qoldiriladi va bu haqida bayonnomada qayd qilinadi. Ovoz berishda qatnashgan kengash a’zolarining fikrini aniqlash imkonini bermaydigan byulletenlar yaroqsiz deb topiladi va bu ham komissiya bayonnomasida qayd qilinadi.

Ovoz berish natijalari yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirilgandan keyin hisob komissiyasi barcha byulletenlarni o‘rab muhrlaydi va o‘z bayonnomasiga ilova qiladi.

Kengash yashirin ovoz berishda qatnashgan kengash a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish asosida hisob komissiyasining bayonnomasini tasdiqlaydi.
Hisob komissiyasining bayonnomasi tasdiqlanmagan taqdirda dissertatsiya muhokamasi davom ettiriladi yoki boshqa kunga qoldiriladi.

Hisob komissiyasi yangi byulletenlar tayyorlaydi va kengash yana yashirin ovoz berishni amalga oshiradi.

Hisob komissiyasining bayonnomasini tasdiqlamaslik masalasi dissertatsiyani himoya qilish yoki hisob komissiyasining ishlash tartibi buzilganligi aniqlangan taqdirdagina kengash tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin.

VII. QO‘SHIMCHA XULOSA OLISH UCHUN OAK YUBORGAN DISSERTATSIYANI KO‘RIB CHIQISHDA KENGASH MAJLISINI O‘TKAZISH

Qo‘shimcha xulosa olish uchun OAK tomonidan yuborilgan dissertatsiya olingandan keyin u ikki oy muddat mobaynida kengash tomonidan ko‘rib chiqiladi. Kengash dissertatsiyani ko‘rib chiqishdan avval uchta kengash a’zolaridan iborat bo‘lgan komissiyaga talabgorning dissertatsiyasi va zarur hollarda ekspertizaning oldingi bosqichlarida aytilgan tanqidiy fikrlar bilan tanishib chiqishni hamda kengashga dissertatsiya yuzasidan xulosa loyihasini taqdim etishni topshiradi.
Kengash majlisiga talabgor taklif etiladi, u komissiya xulosasi bilan oldindan tanishtirilgan bo‘lishi kerak. Majlisda talabgorning ilgari bo‘lgan opponentlari, yetakchi tashkilot vakillari hamda zarur hollarda kengash taklif qiladigan boshqa shaxslar qatnashishlari mumkin. Kengash a’zolarining hozir bo‘lganliklari (ularning ixtisosliklari ko‘rsatilgan holda) majlis stenogrammasida aks etishi lozim.

Kengash majlisini ochish paytida rais qayd etish varaqasi asosida kengash  a’zolarini   majlisning vakolatliligi (ushbu Nizomning 35-bandi) haqida xabardor qiladi.
Rais majlisni ochgandan keyin talabgorning qo‘shimcha xulosa uchun yuborilgan dissertatsiyasi ko‘rib chiqilishini e’lon qiladi, dissertatsiyaning mavzusini, dissertatsiya himoyasi o‘tgan kengashni, rasmiy opponentlarning familiyasi va yetakchi tashkilotni ko‘rsatib o‘tadi.

So‘ngra ilmiy kotibga so‘z beriladi, talabgorning dissertatsiyasi ekspertizasining avvalgi bosqichlarida aytilgan tanqidiy fikrlar haqida ma’lumot beradi.

Talabgor dissertatsiyaning mohiyatini va asosiy   holatlarini bayon etadi. Shundan keyin talabgorga og‘zaki yoki yozma savollar berilishi mumkin.

Dissertatsiya va ekspertizaning oldingi bosqichlarida aytilgan tanqidiy fikrlar bilan tanishib chiqish topshirilgan   komissiya   a’zolaridan   birining so‘zlashi   bilan muhokama boshlanadi. Kengash majlisida qatnashayotganlarning hammasi ham  muhokamada so‘zlash huquqiga egadir. Muhokama tugagandan so‘ng talabgorga yakunlovchi so‘z beriladi.

Muhokama tugagach, kengash ushbu Nizomning VI bobida belgilangan tartibga binoan dissertatsiyaning “Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ning 13-bandi talablariga muvofiqligi xususidagi masala yuzasidan yashirin ovoz berishni o‘tkazadi. Ovoz berish byulleten asosida o‘tkaziladi. Agar kengash majlisida hal  qiluvchi   ovoz  bilan  qatnashgan     a’zolarining   kamida uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, kengash qarori ijobiy deb hisoblanadi.
Hisob komissiyasining bayonnomasi tasdiqlangandan so‘ng kengash ochiq ovoz berish asosida   majlisda   qatnashgan kengash a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qo‘shimcha xulosa matnini qabul qiladi,  unda ushbu dissertatsiya “Fan doktori ilmiy darajasini  berish tartibi   to‘g‘risidagi Nizom”ning 13-bandi talablarining qay biriga  javob berishi yoki javob bermasligi  ko‘rsatiladi.
Qo‘shimcha xulosa matni tasdiqlangandan keyin talabgorga ma’lum qilinadi. Shu bilan kengash majlisi nihoyasiga yetadi.

Yashirin ovoz berish natijalari ko‘rsatilgan hamda kengash   raisi   va  ilmiy   kotibi imzolagan stenogramma va qo‘shimcha xulosaning matni talabgorning dissertatsiyasi bilan birga uch hafta ichida OAKga yuboriladi.
VIII.  ILMIY DARAJALARDAN MAHRUM ETISH

MASALALARINI KO‘RIB CHIQISHDA KENGASH MAJLISINI O‘TKAZISH

Kengashga “Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq shaxsni ilmiy darajadan mahrum etish masalasini qo‘yish uchun asos bo‘ladigan   materiallar tushgan taqdirda kengash o‘z a’zolaridan iborat besh kishidan kam bo‘lmagan komissiyaga ularning qanchalik asoslanganligini tekshirishni topshiradi. Zarur hollarda kengash ishlab turgan oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi ma’muriyati orqali tegishli so‘rovlar yuboriladi.
Komissiya tekshirish yakunlari bo‘yicha xulosa chiqaradi va uni kengashda ko‘rib chiqish uchun topshiradi.

Kengash komissiya tayyorlagan materiallarni bir oy ichida ko‘rib chiqishi lozim.

Kengash majlisi, odatda, ilmiy darajadan mahrum etilayotgan shaxsning ishtirokida va u majlisdan kamida o‘n ish kunidan avval ogohlantirilgan holda o‘tkaziladi.
Mabodo chaqirilgan shaxs uzrli sabablarsiz majlisga kelmasa, majlisga kelishdan bosh tortsa yoki uni chaqirishning iloji bo‘lmasa, kengash uning ishtirokisiz majlis o‘tkazish haqida qaror qabul qiladi. Mazkur shaxs uzrli sabablarga ko‘ra majlisda ishtirok etaolmasligini oldindan xabar qiladigan bo‘lsa, kengash majlisi boshqa kunga (boshqa vaqtga) ko‘chiriladi.

Kengash raisi majlisni ochish vaqtida kengash a’zolarini majlisning   vakolatliligi to‘g‘risida (ushbu Nizomning  35-bandi) xabardor qiladi hamda ilmiy   darajadan  mahrum  etish haqidagi  masala  ko‘rib  chiqilishini  e’lon  qiladi. Shundan keyin kengashning komissiya  tarkibidagi a’zosi   ma’ruza qiladi. Ma’ruza tugagach, ilmiy darajadan mahrum etilayotgan shaxsga so‘z beriladi, shundan so‘ng kengash majlisida hozir bo‘lganlarning hammasi so‘zga chiqish huquqiga egadir.
Muhokamadan so‘ng kengash ushbu Nizomning VI bobiga binoan belgilangan   tartibga muvofiq  ilmiy   darajadan mahrum etish masalasi yuzasidan yopiq ovoz berish o‘tkazadi. Ovoz berish byulleten asosida o‘tkaziladi. Kengashning ilmiy darajadan mahrum etish haqidagi qarori majlisda qatnashayotgan hal qiluvchi ovozga ega kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilingan deb hisoblanadi.
Kengash hisob komissiyasining bayonnomasi tasdiqlangandan keyin yashirin ovoz berish natijalariga asoslangan holda majlisda qatnashgan kengash a’zolari oddiy ko‘pchiligining ochiq ovoz berishi bilan qaror matnini qabul qiladi, unda ko‘rib chiqilgan materiallarning mohiyati va natijalari aniq-ravshan ta’riflangan hamda OAKdan ilmiy darajadan mahrum etishni so‘rash uchun yetarli asos bor yoki yo‘qligi xususida xulosa bo‘lishi lozim.
Yashirin ovoz berish natijalari hamda kengash qarorining matni ilmiy darajadan mahrum etilishi haqida masalasi qo‘yilgan shaxsga ma’lum qilinadi.

Agar kengash shaxsni ilmiy darajadan mahrum etishni OAKdan so‘rab qaror qabul qilgan bo‘lsa, kengash raisi va ilmiy kotibi imzolagan kengash majlisining stenogrammasi va yashirin ovoz berish natijalari ko‘rsatilgan qaror matni uch haftalik  muddat ichida OAKga yuboriladi. Ilmiy darajadan mahrum etish  masalasini ko‘rib chiqish haqidagi topshiriq kengashga OAK tomonidan berilgan hollarda ham mazkur materiallar OAKga yuboriladi.
APELLYATSIYA (SHIKOYAT ARIZASI)NI KO‘RIB CHIQISH BO‘YICHA KENGASH MAJLISINI O‘TKAZISH
Kengash raisi kengash  qarori  xususida apellyatsiya (shikoyat arizasi) tushganda uning a’zolaridan iborat besh kishidan kam bo‘lmagan komissiyaga zarur materiallarni  o‘rganib  chiqishni  hamda apellyatsiya yuzasidan kengash qarori loyihasini  tayyorlashni  topshiradi. Agar apellyatsiya ilmiy daraja berish masalasi yuzasidan kengashning ijobiy   qarori xususida berilgan bo‘lsa, kengash raisi bir hafta ichida bu haqida OAKni xabardor qiladi.
Apellyatsiya kengashda bir oy muddat mobaynida ko‘rib chiqilishi, zarur hollarda rejadan tashqari majlis o‘tkazilishi lozim.

Apellyatsiyaning muallifi (mualliflari), talabgor hamda qo‘yilgan masalalarning mohiyatiga, kengash fikricha, bevosita aloqador bo‘lgan boshqa shaxslar majlisdan kamida besh ish kunidan avval xabardor qilinib, kengash majlisiga taklif etiladilar. Apellyatsiyaning muallifi uzrli sabab bilan kela olmasa, kengash majlisi boshqa vaqtga ko‘chiriladi. Apellyatsiyaning muallifi uzrli sababsiz kengash majlisiga kelmagan hollarda uning ishtirokisiz majlis o‘tkazilaveradi.
Kengash raisi majlisni ochish vaqtida kengash a’zolariga majlisning    vakolatliligini ma’lum qiladi (ushbu Nizomning 35-bandi).
Kengash a’zolarining (ixtisosliklari ko‘rsatilgan tarzda) majlisda hozir bo‘lganliklari majlis stenogrammasida aks ettirilishi kerak.

Kengash raisi majlis ochilgandan keyin tushgan apellyatsiyani ko‘rib chiqilishini e’lon qiladi va uni o‘qib eshittirish uchun ilmiy kotibga so‘z beradi. So‘ngra komissiya a’zosi uning ishi natijalarini hamda apellyatsiya yuzasidan kengash xulosasining loyihasini o‘qib eshittiradi.

Shundan keyin kengash majlisida qatnashayotganlarning hammasi chiqib so‘zlashga haqlidirlar.

Muhokama tugagandan keyin kengash yopiq ovoz berish asosida majlisda qatnashayotgan hal qiluvchi ovozga ega kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ovozi bilan apellyatsiya yuzasidan xulosa qabul qiladi.
Kengash raisi va ilmiy kotibi imzolagan stenogramma hamda apellyatsiya yuzasidan ovoz berish natijalari keltirilgan xulosa matni ko‘rib chiqilgan apellyatsiya bilan birga majlisdan keyin o‘n ish kuni mobaynida OAKga yuboriladi.

YAKUNLOVCHI QOIDA
Ushbu Nizom bo‘yicha barcha tushuntirishlar OAK Rayosati tomonidan belgilangan tartibda beriladi